Yil yakuniga qadar Fransiyaga 10 ming tonna mineral o‘g‘it eksport qilinadi
“O‘zkimyoimpeks” MCHJ va Yevropaning “Eudaira” kompaniyasi o‘rtasida eksport bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu kelishuv yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mineral o‘g‘itlar va kimyo sanoati mahsulotlarini xorijiy bozorlarga eksport qilish geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.
Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlar va boshqa kimyo sanoati mahsulotlarini Fransiyaga yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu mahalliy korxonalar mahsulotlarining G‘arbiy Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirishga zamin yaratadi.

Kelishuv doirasida 2026-yil yakuniga qadar Fransiyaga 10 ming tonna mineral o‘g‘it eksport qilish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda esa yetkazib berish hajmini izchil oshirish hamda eksport qiymatini 100 million dollarga yetkazish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur kelishuv Fransiya bozorida yangi savdo kanallarini shakllantirish, O‘zbekiston kimyo sanoati mahsulotlarining eksport geografiyasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozordagi ishtirokini oshirishga yangi imkoniyatlar ochadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA