Qurilishda sifatsiz mahsulotlar aniqlanib, utilizatsiya qilindi
Xorazm viloyatining Xonqa tumanida barpo etilayotgan 7 qavatli turar joy binosi qurilishida sifat talablariga javob bermaydigan qurilish mahsulotlaridan foydalanish holati aniqlandi. Nazorat organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida me’yoriy hujjatlarga nomuvofiq bo‘lgan temir-beton plitalar muomaladan qaytarilib, belgilangan tartibda utilizatsiya qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, temir-beton plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “N.M” XK tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy uchun 16 dona sifat talablariga javob bermaydigan temir-beton plita yetkazib berilgan.
Mazkur holat yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan korxonaga nomuvofiq mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish hamda ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Shundan so‘ng tadbirkorlik sub’ekti va nazorat organlari vakillari ishtirokida mahsulotlar belgilangan tartibda utilizatsiya qilindi.
Mutaxassislar ishlab chiqaruvchi korxonaga kelgusida me’yoriy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etish zarurligini eslatib, aks holda qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA