Sayyor qabulda muammolarga yechim izlandi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Xatirchi tumanidagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda tuman hokimi Umidjon Adizov, xalq deputatlari viloyat kengashi raisi G‘ofur Aliyev ishtirok etib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Bugungi kunda aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga amaliy yechim topish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar aholi muammolarini eshitish va ularga tezkor yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirda 300 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etib, o‘zlarini qiynayotgan muammolar, taklif va mulohazalarini bildirdi. Sayyor qabul davomida jami 50 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning 30 tasi joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga rasmiy so‘rovlar yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.

Qabul davomida asosan ijtimoiy soha, kommunal xizmatlar, infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Har bir murojaat mas’ullar tomonidan atroflicha o‘rganilib, fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

– Murojaatlar mazmuni aholining kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan masalalarni qamrab oldi, – deydi O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi apparat rahbari Muhammad Eshniyozov. – Jumladan, uchrashuvda ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash, yaylov yerlari chegaralarini aniq belgilash, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb muammolar ko‘tarildi. Shuningdek, keksalar uchun madaniy-ma’rifiy sayohatlar tashkil etish taklifi ham ilgari surildi.
Uchrashuv so‘nggida qabulda ishtirok eta olmagan imkoniyati cheklangan fuqarolarning xonadonlariga borilib, yashash sharoiti o‘rganildi va ularga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xonadonma-xonadon yurish jarayonida 21 yoshida avtohalokatga uchrab, nogiron bo‘lib qolgan fuqaro holati o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, uni 36 yildan buyon ukasi parvarishlab kelmoqda. Fuqaroni qo‘llab-quvvatlash maqsadida unga sog‘ligini tiklash uchun sihatgohga yo‘llanma berildi.
Bunday sayyor qabullar aholi muammolarini joyida hal etish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, eng muhimi, inson qadrini ulug‘lashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri