Qurilish universitetida o‘qiganlar texnik universiteti diplomini oldi
Samarqand davlat texnika universitetida 2025-2026 o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirishga bag‘ishlangan bitiruv oqshomi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 26-may kuni qabul qilingan “Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etildi va shu paytgacha mazkur dargohda o‘qib turgan talabalar o‘qishni yangi universitetda davom ettirishi belgilandi.
Yakuniga yetgan o‘quv yilida universitet bakalavriatini 27 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1637 nafar, 9 magistratura mutaxassisligini 38 nafar yoshlar bitirdi. Hozirgacha 1300 nafarga yaqin bitiruvchilarning ish joyi aniq bo‘lgan.
Marosimda Samarqand davlat texnika universiteti rektori Chidem Turkyilmaz so‘zga chiqib, bitiruvchilar va ularning ota-onalarini tabrikladi.
– Bu kun bitiruvchilar uchun nafaqat diplom olish, balki yillar davomida orttirilgan bilim, tajriba va talabalik xotiralarini sarhisob qilish kuni, – dedi universitet rektori. – Endi sizning hayotingizda yangi davr boshlanmoqda, egallagan bilim va ko‘nikmangizni kasbiy faoliyatda namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdasiz. Bu yo‘lda barchangizga omad, ishlaringizda muvaffaqiyat tilayman.
Marosimda universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Ta’lim, ilm-fan, jamoat ishlari va turli tanlovlarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan talabalar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, farzandlarining bilim olishi, tarbiyasi va kamol topishida munosib hissa qo‘shgan ota-onalarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA