“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi
Davlat xizmatlarini raqamlashtirish – xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi tizim asosi
Takomillashgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida davlat boshqaruvini aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi tizim sifatida rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Unda davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aniq natijaga yo‘naltirish, shuningdek, hisobdorlik va mas’uliyat mexanizmlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Strategiyada davlat xizmatlarini raqamlashtirishga oid qator aniq vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalar davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish, tartib-taomillarni soddalashtirish, idoralararo axborot almashinuvini kuchaytirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi. Natijada davlat xizmatlarini raqamli, o‘zaro integratsiyalashgan va foydalanuvchi ehtiyojlariga mos tizimga bosqichma-bosqich o‘tkazish uchun zamin yaratiladi.
Ushbu yo‘nalishda, birinchi navbatda, elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish belgilangan bo‘lib, bu davlat xizmatlarining asosiy qismini masofaviy va raqamli mexanizmlar orqali taqdim etish, inson omilini qisqartirish, ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish hamda xizmatlardan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish jarayonida mobil xizmatlarni rivojlantirish ham muhim yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Bugungi kunda mamlakat aholisining katta qismi internetdan mobil qurilmalar orqali foydalanishini hisobga olgan holda, davlat xizmatlarini mobil ilovalar orqali taqdim etish ko‘lamini kengaytirish strategik ahamiyatga ega. Bu orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati vaqt va makondan mustaqil ravishda ta’minlanadi. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mobil ilovasida joriy qilingan xizmatlarning yagona portaldagi mavjud xizmatlarga nisbatan ulushini 90 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan. Bu esa davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini veb-portal bilan cheklab qo‘ymasdan, mobil format orqali ham kengaytirishni nazarda tutadi.
Strategiyada kompozit va proaktiv tarzda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini kamida 400 taga yetkazish vazifasi belgilangan. Mazkur yondashuv xizmatlarni fuqaroning har bir idoraga alohida murojaati asosida emas, balki integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasi va shaxsning hayotiy vaziyatidan kelib chiqqan holda kompleks hamda oldindan taklif etiladigan shaklda taqdim etishni nazarda tutadi. Bu esa davlat xizmatlari sohasida murojaatga asoslangan modeldan proaktiv va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan modelga o‘tish jarayoni kuchayib borayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumot va hujjat almashinuvi tizimi ham o‘zaro integratsiya asosida elektron shaklga o‘tkazib borilmoqda. Bu esa idoralararo axborot almashinuvi ko‘lami kengayib, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ortiqcha qog‘ozbozlik va takroriy hujjat talab qilish amaliyoti qisqarib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, raqamlashtirish jarayonida davlat xizmatlarini faqat elektron shaklga o‘tkazish bilan cheklanmasdan, ularni mazmunan qayta ko‘rib chiqish, ortiqcha bosqich va talablarni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 500 taga yaqin davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish vazifasi belgilangan. Ushbu vazifa davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayoni faqat ularni elektron ko‘rinishga o‘tkazish bilan cheklanmasdan, xizmatlarni ko‘rsatish tartibi, bosqichlari va talab etiladigan hujjatlarini ham qayta ko‘rib chiqishni qamrab olishini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarining 20 foizini xususiy sektorga o‘tkazish orqali davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, xizmat ko‘rsatishda raqobat muhitini shakllantirish va aholiga yanada sifatli servis taklif etishga qaratilgan. Bunday yondashuv davlatning barcha jarayonlarni bevosita amalga oshiruvchi emas, balki tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi sub’ekt sifatidagi rolini kuchaytiradi.
Natijada xizmatlar ko‘rsatish tizimida samaradorlik, tezkorlik va mijozga yo‘naltirilganlik darajasi ortadi.
Notarialxizmatlarni onlayn tarzda ko‘rsatish ulushini 30 foizga yetkazish va FHDYO organlari tomonidan onlayn tarzda ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushini 30 foizga yetkazish vazifalari aholi uchun huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim xizmatlarni ham raqamli shaklga o‘tkazishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, arxiv sohasida davlat xizmatlari sonini 14 taga yetkazish belgilangan bo‘lib, bu ushbu sohada ham xizmatlar turini kengaytirish va ularni tizimli shaklda taqdim etishga qaratilgan.
Takomillashgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 110 dan ortiq ma’lumot va hujjatlarni talab qilishni to‘liq bekor qilish vazifasining belgilanishi raqamlashtirish jarayonida eng muhim institutsional o‘zgarishlardan biri hisoblanadi. Bu davlat organlari ixtiyorida mavjud ma’lumotlarni fuqarolardan qayta talab qilmaslik, idoralararo axborot almashinuvini kengaytirish va davlat xizmatlarini olish jarayonida ortiqcha hujjatlar aylanmasini qisqartirish bilan bog‘liq. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish darajasini 100 foizga yetkazish belgilangan bo‘lib, bu muayyan sohadagi xizmatlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazishni nazarda tutadi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha belgilangan maqsadlar xizmat ko‘rsatish tizimini bosqichma-bosqich elektron, integratsiyalashgan va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan shaklga o‘tkazishga qaratilgan. Ushbu vazifalar orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini soddalashtirish, ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirish, idoralararo axborot almashinuvini kuchaytirish, onlayn va mobil xizmatlar qamrovini kengaytirish, shuningdek, ayrim xizmatlarni xususiy sektor ishtirokida tashkil etish nazarda tutilgan. Natijada davlat xizmatlari tizimining ochiqligi, tezkorligi va samaradorligini oshirish, aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun xizmatlardan foydalanish jarayonini yanada qulaylashtirishga xizmat qiluvchi institutsional va tashkiliy asoslarni mustahkamlash maqsad qilingan.
Inobat HAKIMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA