Qurilish nazorati uchun zamonaviy markaz
Nurafshon shahrida Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat hokimligi, prokuratura, ichki ishlar organlari vakillari, shahar va tuman hokimliklari mas’ullari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi binoning foydalanishga topshirilishi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi nazorat ishlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, sohada qonuniylikni ta’minlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va fuqarolar murojaatlari bilan shaffof ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan bino barcha zarur talablarga muvofiq jihozlangan. Unda xodimlar uchun qulay mehnat sharoiti, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan xizmat xonalari hamda fuqarolarni qabul qilish uchun alohida zallar tashkil etilgan.

Marosim doirasida ramziy tasma kesilib, yangi bino rasman foydalanishga topshirildi.
Mehmonlar binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, raqamlashtirish jarayonlari doirasida tashkil etilgan onlayn kuzatuv markazi faoliyati ham taqdim etildi. Ushbu markaz orqali qurilish ob’ektlarini real vaqt rejimida kuzatish, inspektorlar tomonidan maxsus kameralar orqali uzatilayotgan tasvirlarni markazlashtirilgan tarzda monitoring qilish imkoniyati yaratilgan.

Qayd etilganidek, zamonaviy axborot texnologiyalarining keng joriy etilishi nazorat tadbirlarining ochiqligi va samaradorligini ta’minlash, shuningdek, qurilish sohasida qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.
A.Musayev, O‘zA