Qurilish maydonlarida sifatsiz mahsulotlar utilizatsiya qilindi
Bugun yurtimizning barcha hududlarida bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ushbu jarayonlarda sifatli qurilish mahsulotlaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq ayrim qurilish ishlarida mazkur jihatlarga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgan holatlar ham uchramoqda.
Xusuan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Taxtako‘pir tumanida qurilish jarayonida foydalanilayotgan sifatsiz mahsulotlar aniqlanib, belgilangan tartibda muomaladan qaytarildi va utilizatsiya qilindi.
Aniqlanishicha, sopol g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "T.G.B" MCHJ tomonidan talabalar yotoqxonasi imorati uchun me’yoriy hujjatlarga nomuvofiq bo‘lgan 10000 dona sopol g‘isht yetkazib berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan jamiyatga nomuvofiq mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish hamda ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Shundan so‘ng, tadbirkorlik sub’ekti, nazorat organlari, shuningdek, "Qoraqalpog‘iston Respublikasi toza hudud" DM vakillari ishtirokida mahsulotlar Taxiyatosh tumani chiqindi poligonida utilizatsiya qilindi.
Mutasaddilar tomonidan ishlab chiqaruvchi korxona kelgusida me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etishi, aks holda qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirildi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA