Qurilish materiallari eksporti elektrotexnika va mebel sanoati uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Qo‘shni davlatlar yiliga 13 milliard dollarlik qurilish materiallarini import qilmoqda.
– Bir narsani bilinglar: tashqi bozorlarda kuchli raqobat, har bir dollar uchun kurash ketayotgan hozirgi sharoitda eksportni ko‘paytirish uchun noan’anaviy yechimlar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga eksportni qo‘shimcha 440 million dollarga oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Masalan, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda uy-joy hamda tijorat ob’ektlari qurish bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilyapti.
Tarmoq mutasaddilari va hokimlar qurilish materiallari korxonalari hamda developerlarni bir-biriga bog‘lab, bizga yaqin mintaqalardagi bozorlarga kirib borsa, bu davlatlarda milliy mahsulotlarimiz asosida namunali uy-joylar va noturar ob’ektlarni qurib ko‘rsatsa, qo‘shilgan qiymat karrasiga oshishi ko‘rsatib o‘tildi.
Muhimi, uy-joy qurish bo‘yicha ushbu davlatlarning ishonchli hamkoriga aylana olsak, elektrotexnika, uy tekstili, mebel korxonalarimizga ham yo‘l ochiladi, eksport imkoniyatlari ko‘payadi.
Shu bois, mas’ullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3-4 tadan namunali, energiya tejamkor uy modelini qurib, roud-shou o‘tkazish topshirildi.
O‘zA