O‘zbekiston va Buyuk Britaniya texnik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan muloqot davomida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda institutsional hamkorlikni kengaytirish, xalqaro tajribalarni joriy etish, grant va texnik ko‘mak dasturlarini jalb qilish, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va texnik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berib, V Toshkent xalqaro investitsiya forumining yuqori saviyada tashkil etilganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur nufuzli maydon investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash hamda davlatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muzokaralar davomida Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirok etgan forum doirasida ilgari surilgan tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, xalqaro moliya infratuzilmasini rivojlantirish, kapital bozorini takomillashtirish, shuningdek, farmatsevtika, sun’iy intellekt va energetika sohalarida texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida Buyuk Britaniyaning Intertek Group plc kompaniyasi bilan qo‘shma sinov laboratoriyasini tashkil etish loyihasini jadallashtirish masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning mahsulot xavfsizligi va standartlar sohasidagi ixtisoslashgan tashkilotlari, jumladan, Office for Product Safety and Standards, British Standards Institution va National Physical Laboratory bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Chevening ta’lim dasturi doirasida soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Mazkur muloqot O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi texnik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatning jahon bozoriga integratsiyalashuvi hamda eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA