Qurg‘oqchilikka mos sholi navi yaratilmoqda (+video)
Suv tanqisligi bugun nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo aholisining umumbashariy muammosi bo‘lib qolmoqda. Ana shunday sharoitda asosan suvda parvarish qilinadigan sholi o‘simligini suv tejamkor texnologiyalar asosida yetishtirish borasida mahalliy olimlarimiz tomonidan qator ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyatida joylashgan Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida Sholi genetikasi va seleksiyasi laboratoriyasi olimlari tomonidan mahalliy va xorijiy 50 dan ortiq navlarda tadqiqotlar olib borilib, suvsizlikka chidamli sholining yangi navlari aniqlanmoqda.
- Suv tanqisligi sharoitida aholini yetarli darajada guruch mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida shunga mos navlarni yaratish bo‘yicha ilmiy tajribalar olib boryapmiz, - deydi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Sholi genetikasi va seleksiyasi laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Qalandarov. – Ya’ni suv miqdori kamayib borgan taqdirda ham hozirgi kunda yetishtirilayotgan guruchimizni umumiy miqdorini saqlab turishimiz kerak. Bu tajribamiz 20 sotix maydonda aynan an’anaviy bostirib sug‘orish texnologiyasi emas, balki vaqti-vaqti bilan suv berish orqali, qurg‘oqchilik sharoitida maqbul nav yaratish maqsad qilingan. Asosan o‘zimizning olimlar yaratgan navlarni shu sharoitda tekshirib, sinab olyapmiz. Suv bostirib sug‘oriladigan navlar bilan solishtirsak hozirda unchalik katta farq kuzatilmadi. Oxirgi ma’lumotlar hosil pishib-yetilganidan keyin laboratoriya tahlillarini amalga oshirib, donini tahlil qilib, sifat ko‘rsatkichlari aniqlab olinadi.
Malayziya, Filippin va Yaponiya davlatidan keltirilgan sholi namunalari yordamida sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli navlar yaratish maqsadida chatishtirish uchun tanlab olindi. Mahalliy navlar bilan gullash jarayonini mos keltirish uchun avval laboratoriya sharoitida tuvaklarga ekilib parvarishlandi, so‘ngra dalaga ko‘chirib o‘tkazildi.
Bu yil loyiha doirasida Janubiy Koreya davlatidan jami 17 ta sholi namunasi olib kelindi. Birinchi yili Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida tajriba qilib ko‘riladi va yurtimiz dalalariga mos tushgan navlar tanlab olinadi. Keyingi yil sholi ko‘p ekiladigan viloyatlarda ham sinab ko‘riladi. Bundan tashqari O‘zbekistondagi mahalliy navlar bilan chatishtirib yangi navlar yaratiladi.
Shu bilan birga institutning sinov-tajriba maydonida sholining “Iskandar” navi Koreya texnologiyasi asosida tomchilatib sug‘orish tizimi 1 gektar maydonda qo‘llanildi. Institut kichik ilmiy xodimi Adxamjon Uzoqovning tadqiqotlari natijasida tomchilatib sug‘orish orqali 30% suv tejalishi aniqlandi. Bundan tashqari o‘simlikni o‘g‘itlashda ham ikki barobar iqtisod qilingan.
Bugun ushbu soha oldida suvni iqtisod qilish, kam xarajat qilib ko‘p daromad olish, suvsizlikka chidamli, mahalliy iqlim sharoitimizga mos yangi navlarni yaratish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish, moddiy texnik bazani mustahkamlash kabi muhim vazifalar turibdi. Ushbu masalaning yechimiga esa ilm va innovatsiya orqali erishiladi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/8j3vsVJh0Vg" title="Qurg‘oqchilikka mos sholi navi yaratilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA