O‘zbekistonlik yoshlar AQSHdagi nufuzli robototexnika musobaqasida bronza medalini qo‘lga kiritdi
AQSHda robototexnika bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli "Chicago Robot Invitational (CRI) 2026" xalqaro turnirida O‘zbekistonning The Reckless jamoasi bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Mazkur musobaqa robototexnika sohasidagi eng nufuzli xalqaro turnirlardan biri hisoblanadi. Unda har yili dunyo bo‘ylab 35 mingdan ortiq jamoa orasidan saralab olingan atigi 38 ta eng kuchli jamoa ishtirok etadi. Ana shunday yuqori raqobat muhitida yurtimiz vakillarining sovrindorlar safidan o‘rin olishi mamlakatimiz yoshlarining bilim va iqtidorini yana bir bor namoyon etdi.
Jamoaga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2-bosqich talabasi Mahkambek Teshaboyev sardorlik qildi.

Bu muvaffaqiyat nafaqat bir jamoaning g‘alabasi, balki O‘zbekistonda robototexnika, muhandislik va raqamli texnologiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganining yana bir amaliy isbotidir. Bugungi kunda yoshlarimiz xalqaro maydonlarda eng kuchli jamoalar bilan teng raqobatlashib, yuqori natijalarga erishmoqda.
Mazkur yutuq mamlakatimiz yoshlarining intellektual salohiyati, innovatsion fikrlashi va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish borasidagi yuqori imkoniyatlarini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu kabi muvaffaqiyatlar kelajakda O‘zbekistonning global texnologik hamjamiyatdagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Nigora Rahmonova,
O‘zA