Qozog‘iston Xitoy hamkorligida yirik zavod quradi
Qozog‘istonda mahalliy xom ashyoni qayta ishlash ko‘lami kengaytirilyapti. Prezident Qosim-Jomart Toqayev taxminan 1,8 milliard dollarlik Oqtog‘ay mis eritish zavodi qurilishini bilvosita boshlab berdi.
Loyiha “KAZ Minerals” guruhi tomonidan Xitoyning NFC kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Abay mintaqasidagi ushbu korxona rudani qazib olish va boyitishdan tortib, tayyor metallgacha – to‘liq ishlab chiqarish turkumi bo‘yicha ishlaydi.
Zavodning yillik quvvati 300 000 tonna mis katodini tashkil etadi. Shuningdek, majmuada oltin, kumush va boshqa tegishli mahsulotlar ham tayyorlanadi.
Birinchi mis katodi 2030-yil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan korxonada 1000 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, yangi eritish zavodi Qozog‘iston mahsuloti qo‘shimcha qiymatini oshiradi, mamlakatning jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlaydi. Zavod ishga tushgach, qardosh davlat tozalangan mis yetkazib beruvchi kuchli o‘n mamlakat safiga qo‘shilishi mumkin. Shuningdek, Toqayev sanoatga raqamli texnologiya va sun’iy intellektni joriy etish muhimligini ham eslatib o‘tdi.
S.Rahimov, O‘zA