Qozog‘iston delegatsiyasi bilan aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimligida Qozog‘iston Respublikasi Milliy iqtisodiyot vitse-vaziri Baurjan Omarbekov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Xususan, mahalla darajasida aholi muammolarini hal etish, fuqarolarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanish hamda mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi rolini kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashildi.

Qozog‘iston delegatsiyasi vakillariga Toshkentda mahalla tizimi orqali aholi bilan manzilli ishlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilalarning daromad manbalarini kengaytirish va kichik biznesni rivojlantirish borasidagi yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.

Muloqot yakunida tomonlar aholi farovonligini oshirish, bandlik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida tajriba almashishni davom ettirishga qiziqish bildirdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA