“Qovun sayli” - ming yillik dehqonchilik an’analari, milliy qadriyatlar va zamonaviy sayyohlik uyg‘unlashgan bayram (+video)
Ma’lumki, so‘nggi yillarda Xorazm viloyatining turistik salohiyati yaxshilanib, viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni tobora ortmoqda. Misol uchun, 2026-yilning o‘zida Xiva shahriga o‘n ikki milliondan ziyod turistlar tashrif buyurgan. Ularning ikki yarim milliondan ortig‘i xorijlik sayyohlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sayyohlar oqimi ortishining sababi viloyatga turistlarni yanada keng jalb qilish va ularning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish maqsadida har yili yirik tadbirlarni o‘tkazib kelinayotganidadir. O‘tgan yili viloyatda o‘ndan ortiq xalqaro festivallar, 20 dan ortiq mahalliy ommaviy tadbirlar o‘tkazildi.
“Xalqaro baxshichilik san’ati”, “Qovun sayli”, “Xorazm gilamlari jilosi”, “Lazgi” xalqaro festivallari, “Strongmen” xalqaro bahodirlar o‘yini, Xorazm xalqaro investitsiyalar forumi hamda “Xorazm xonlari milliy taomlari” xalqaro gastronomik festivali kabi xalqaro tadbirlar shular jumlasidandir.
Har yili avgust oyida sharq gavhari sanalgan qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrida an’anaviy xalqaro “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tadi.
Xorazm qovunchiligini keng targ‘ib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar e’tiborini qaratish va turistlar oqimini oshirish maqsadida o‘tkaziladigan mazkur festivalda nafaqat Xorazmning barcha tumanlaridan, balki respublikamizning boshqa hududlaridan dehqonlar, sohibkorlar, bog‘bonlar dalalarda, bog‘larda yetishtirilgan qovun, tarvuzlar, poliz mahsulotlari, meva-sabzavotlari bilan faol qatnashadi.
O‘tgan galgi festival davomida viloyatga qariyb ikki millionga yaqin mahalliy va xorijlik sayyohlar tashrif buyurgan. Bu esa mehmonxona, restoran va xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga ham hissa qo‘shadi. Shuningdek, mahalliy fermerlar uchun yangi bozorlar va hamkorlik imkoniyatlari yaratildi.
Xiva shahrida uch kun davom etadigan festival davrida ishtirokchilarga maxsus pavilon ajratilib, mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan poliz ekinlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmalari ham namoyish etildi. Har bir pavilonda o‘ziga xos madaniy dasturlar, teatrlashtirilgan sahnalar, milliy liboslar namoyishi, folklor ansambllari konsertlari, milliy taomlar ko‘rgazmalari ham tashkillashtiriladi. Ushbu pavilonning bezatilishi va namoyishlari bo‘yicha tanlov ham o‘tkazilib, 2025-yilgi “Qovun sayli” festivali yakunida oliy o‘ringa “Tracker”, birinchi o‘ringa “Onix”, ikkinchi o‘ringa “Damas” yengil avtomashinalari, uchinchi o‘ringa mototsikllar mukofot sifatida berildi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, qadimda Xorazmda 400 dan ortiq qovun navlari yetishtirilgan. Hozirda esa 150 dan ortiq navlari ekiladi. Har galgi festivalda yangidan yangi qovun navlari, olimlarning ishlanmalari, tajribalar va qovun mahsulotlari taqdim etiladi. Avvalgi festival doirasida 125 turdagi qovun navlari va ulardan tayyorlangan 150 dan ortiq mahsulotlar namoyish etildi. Bu yilgi festivalda bu natijalar yanada ortadi.
Ushbu festival ishtirokchilarining e’tirofiga ko‘ra, “Qovun sayli” xalqaro tadbirlar ko‘lami jihatdan eng katta, eng shirin, eng xushbo‘y va eng to‘yimli gastronomik bayramdir. Chunki, tadbirga tashrif buyurgan mahalliy va chet ellik sayyohlar bir-biridan totli qovunlar, ulardan tayyorlangan shirinliklar, yaxna ichimliklardan hamda milliy taomlardan bahramand bo‘ladi.
Festival davomida mehmonlar qovunlarni tatib ko‘rishi, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashishi va mintaqaning qishloq xo‘jaligi an’analari haqida ko‘proq ma’lumot olishi, ko‘ngil ochar dasturlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy yilda ham xalqaro “Qovun sayli” festivali 7-8-9-avgust kunlari Xiva shahrida o‘tkaziladi.
Ayni kunlarda mazkur tadbirga katta tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Milliy qadriyatlar, gastronomik madaniyat va san’atni birlashtiruvchi an’anaviy festival dasturidan Xorazmning mashhur va xushbo‘y qovunlari ko‘rgazmasi, milliy taomlar taqdimoti, xalq hunarmandchiligi namunalari, teatrlashtirilgan tomoshalar, milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar, ko‘ngilochar dasturlar o‘rin olgan.
Festivalning ochilish va yopilish marosimlarida xorijlik va mamlakatimizning eng mashhur san’atkorlari, Xorazm yulduzlari ishtirokida katta shoular, gala-konsert dasturlari tashkil etiladi.
Qovun sayli – bu shunchaki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi emas. Bu xalqimizning urf-odatlari, milliy taomlari, folklor san’ati va mehmondo‘stlik ruhida namoyon bo‘lgan madaniy bayramdir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jQU2rlR4ZtY" title="“Qovun sayli” - ming yillik dehqonchilik an’analari, zamonaviy sayyohlik uyg‘unlashgan bayram" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(video), O‘zA muxbirlari