Qoraqalpoq adabiyoti va madaniyatiga yuksak ehtirom
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni sohaga qaratilayotgan alohida e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mukofotlanganlar orasida bir guruh qoraqalpog‘istonlik madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlari ham bor.
– Bu mukofotni nafaqat menga,balki butun qoraqalpoq adabiyotiga yuksak e’tirof deb bilaman, – deydi.
Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Beknazar Yernazarov.
– Davlatimiz rahbari hamisha qoraqalpoq madaniyati, san’ati va adabiyotiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida bunyod etilgan Adiblar xiyobonida Berdaq G‘arg‘aboy o‘g‘li, To‘lepbergen Qayipbergenov hamda Ibrayim Yusupov haykallarining o‘rnatilishi, Nukus shahrida qoraqalpoq adabiyotining so‘nmas yulduzi, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabining ochilishi qoraqalpoq xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga yuksak ehtirom ramzi bo‘ldi. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.
Ta’kidlash joizki, mazkur farmonga asosan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri balet artisti Janar Toreyeva “Kelajak bunyodkori” medali bilan, Madaniy meros ob’ektlari restavratsiyasi direksiyasining Nukus mintaqaviy restavratsiya markazi direktori Xojayaz Babayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Seniya Baybosinova, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi direktori Gulbaxar Izentayeva, “Ayqulash” qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli raqqosi Nurlan Kalmuratov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi xalq cholg‘ulari orkestri dirijyori Sultamurat Reymov “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA