Iste’dodlar ko‘rigi (+video)
O‘zbekiston xalq artisti Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Bugun Farg‘onaga yurtimiz va qo‘shni davlatlardan kelgan hofizning muxlislari, yosh hofizu sozandalar, ustoz san’atkorlar Tavakkal Qodirov dafn etilgan abadiy oromgohni ziyorat qildilar. Ustoz maqbarasi qoshida duoi fotihalar qilindi.
Ma’lumki, bugun Farg‘onada “Tavakkal Qodirov qo‘shiqlari el qalbida” xalqaro tanlovi boshlandi. Uning ishtirokchilari Quvada yangi ochilgan muzeyni borib ko‘rishdi. Otaxon hofiz o‘zbek san’atiga qo‘shgan ulkan hissasi tilga olindi. Shuningdek, Yangi O‘zbekistondagi san’at, san’atkorga munosabat e’tirof etildi.

– Hayotda san’at ahliga shunaqa hurmat bo‘lganmi? Olloh yurtimizga, xalqimizga san’atsevar, yurtsevar Prezidentni berdi. Uni qadrlash kerak. Quvada katta muzey ochilibdi, yoshlar uchun studiya qurilibdi, bunday imkoniyatlar ilgari bo‘lgan emas, – dedi O‘zbekiston xalq artisti, tanlov hay’ati raisi Abduhoshim Ismoilov.
– Muhtaram Prezidentimizning xalqqa bo‘lgan muhabbatini barchamiz bilib, qadrlashimiz lozim.
– Mana shunday sharoitlar yaratib bergan Prezidentimizga rahmat, – deydi Tavakkal Qodirovning o‘g‘li Muzrobbek Qodirov.

– Qo‘limiz ko‘ksimizda. Otamizni e’zozlagan xalqimiz va davlatimiz rahbariga oila a’zolarimiz nomidan minnatdorchilik bildiraman. Shundan so‘ng san’at saroyida “Tavakkal Qodirov qo‘shiqlari el qalbida” xalqaro tanlovi tantanali suratda ochildi. Unda Turkiy davlatlardan kelgan 50dan ziyod iste’dod egalari ishtirok etmoqda. Tanlov sharti – Tavakkal Qodirov ijro etgan qo‘shiqni maromiga yetkazib kuylash.
Birin-ketin sahnaga chiqqan g‘oliblikka nomzodlar ustoz san’atkor, el sevgan hofiz repertuaridan mashhur qo‘shiqlarni kuylay boshladilar. Iste’dodlar ko‘p va ijro yuqori saviyada. Hay’at a’zolari har bir ovoz, parda, daromad, qochirim kabi ijro sifatlarini baholamoqdalar.

– Men Jizzax maqom ansamblining xonandasiman. Ustoz san’atkorning “Tanovar”, “Bo‘lg‘aymikan”, “Farg‘ona tong otguncha”, “Yor vasli” kabi qo‘shiqlarini ijro etaman. Tanlov g‘olibi bo‘lish niyatim bor. “Bo‘lg‘aymikan” qo‘shig‘im yoqadi deb o‘ylayman, – deydi tanlov ishtirokchisi Saodat Karimova. – Men Tojikistonning Panjikent shahridan keldim. Ustoz Tavakkal Qodirovning muxlislari bizning yurtda juda ko‘p. Buyuk san’atkorning qo‘shiqlarini bolaligimdan ijro etaman. Tanlovda g‘oyat iste’dodli yoshlar ko‘p ekan, lekin men qalbimni baxshida qilib kuylayman va O‘zbekistonda muxlislar orttiraman, – deydi tanlovning tojikistonlik ishtirokchisi Nozanin Sharifzoda.

Tanlov g‘oliblari ertaga aniqlanadi va ular ishtirokida "Burhoniddin Marg‘inoniy" majmuasidagi amfiteatrda katta konsert beriladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aaj80ggv_p8" title="Iste’dodlar ko`rigi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA