Qorako‘lning sanoat salohiyati yuksalmoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida sanoat salohiyatini yuksaltirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, aholi bandligini ta’minlash va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Tumanning Xo‘jalar mahallasidagi «Xo‘jalar» kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan «KARAKUL GARDEN TEX» mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday loyihalardan biri. Korxonani tashkil etishga 21,3 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilgan.
[gallery-31026]
Bu yerda ichki bozor talabiga mos hamda eksportga yo‘naltirilgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati 11,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Faoliyat natijasida har yili davlat byudjetiga qariyb 2 milliard so‘m tushum tushishi kutilmoqda.
Korxonaning ishga tushirilishi mahalliy aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda bu yerda 60 nafarga yaqin mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Zamonaviy ishlab chiqarish quvvatining tashkil etilishi tumanda sanoatni diversifikatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Qorako‘ldagi bunday loyihalar tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi o‘laroq, hudud iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA