Parlament va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi tahlil qilindi
Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu jarayonda davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 9 ming 627 ta nodavlat notijorat tashkiloti, 9 ming 8 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 2 ming 490 ta ommaviy axborot vositasi va 3 mingga yaqin turli jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Ularning davlat idoralari bilan hamkorligi, tashabbuskorligi bugungi islohotlar samaradorligida muhim o‘rin tutadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki” mavzusidagi davra suhbatida ayni shu masalalar haqida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlangan bobning kiritilishi mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi.

Tadbirda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarining Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdagi ishtirokini kengaytirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Sohadagi dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilinib, o‘zaro fikr almashildi hamda ekspert va mutaxassislar tomonidan amaliy takliflar ilgari surildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA