“Qoradori – 2026” tadbirlari davom etmoqda
Zomindagi 1 xonadonda 9 tup giyohvand o‘simlik o‘stirilayotgani aniqlandi
Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi navbatdagi tezkor tadbir giyohvandlikka qarshi kurashda hushyorlik va murosasizlik qanchalik muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.
“Qoradori – 2026” keng ko‘lamli profilaktik tadbirlari doirasida tuman ichki ishlar bo‘limi hamda DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma reyd davomida Zomin tumanidagi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonlarning biri ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv jarayonida mazkur xonadon hovlisida 4 tup, tomorqa qismida esa yana 5 tup taqiqlangan o‘simlik parvarish qilib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, jami 9 tup o‘simlik “kannabis” ekani aniqlangan.

Giyohvand moddalar manbai hisoblangan bu o‘simlikni xonadon sharoitida parvarishlab kelgan shaxs 1962-yilda tug‘ilgan fuqaro ekan. Holat yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda giyohvandlikka qarshi kurashishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi doirasida mamlakatimizda noqonuniy giyohvandlik aylanmasiga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Ayniqsa, “Qoradori – 2026” tadbirlari aholi orasida giyohvandlik illatining oldini olish, taqiqlangan o‘simliklarni yetishtirish va tarqatish holatlarini barvaqt aniqlashga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bir qarashda oddiy tomorqa yoki hovlida ekilgan bir tup giyohvand o‘simlik ham jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi zanjirning ilk halqasiga aylanishi mumkin. Shu bois bunday holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, huquqiy madaniyat va ogohlikni oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
“Qoradori – 2026” tadbirlari davom etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri