O‘zbekiston banklarida foiz stavkalari tartibga solinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2026-yilning I choragi yakunlari bo‘yicha mamlakat pul bozori va banklarning likvidlik (to‘lov qobiliyati) holatiga doir navbatdagi tahlilini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, hisobot davrida davlat byudjeti xarajatlarining ortishi fonida bank tizimida erkin pul mablag‘larining ko‘payishi kuzatilgan.
Hisobot davrida likvidlik profitsitining sezilarli oshishi, davlat byudjeti operatsiyalari faollashuvi hamda pul-kredit siyosatining amaliy instrumentlari banklararo bozordagi umumiy muvozanatga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, REPO va depozit operatsiyalari hajmidagi o‘zgarishlar bozor ishtirokchilarining likvidlikni boshqarish strategiyalari qayta ko‘rib chiqilayotganidan dalolat beradi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, pul bozorida foiz stavkalarining nisbatan barqaror shakllanishiga qaramay, likvidlikning ortiqcha taklifi va ayrim segmentlardagi pasayish tendensiyalari bank tizimidagi resurslar taqsimotining yangi bosqichga o‘tayotganini anglatadi. Mazkur sharhda keltirilgan ko‘rsatkichlar pul-kredit siyosatining samaradorligi va moliyaviy bozorlardagi makroiqtisodiy barqarorlikni baholashda muhim tahliliy ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning birinchi choragida bank tizimida likvidlik profitsiti, ya’ni banklarning ixtiyoridagi ortiqcha pul mablag‘lari hajmi o‘tgan yilning oxirgi choragiga nisbatan naqd 74,5 foizga oshdi va o‘rtacha 55,4 trillion so‘mni tashkil etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, likvidlik profitsiti — bu banklarning qo‘lida joriy to‘lovlar va majburiyatlardan tashqari ishlatilmay turgan ortiqcha erkin pul mablag‘laridir.
Davlat byudjetidan amalga oshirilgan xarajatlar (ish haqi, nafaqa va pensiyalar to‘lovi), shuningdek, byudjet tashkilotlarining vaqtincha bo‘sh pul mablag‘lari auksionlar orqali tijorat banklari depozitlariga joylashtirilishi tizimga qo‘shimcha pul oqimini olib kirdi. Banklarga joylashtirilgan bunday depozitlar hajmi 27 foizga oshib, 8 trillion so‘mga yetdi.
Mavsumiy omillar sababli muomaladagi naqd pullarning banklarga qaytishi hisobiga tizimda yana 5,7 trillion so‘mlik qo‘shimcha mablag‘ paydo bo‘ldi.
Shuningdek, Markaziy bank yil boshidan banklarning majburiy zaxiralash qoidalarini o‘zgartirdi — majburiyatlar qamrovi oshirildi, biroq xorijiy valyutadagi zaxira normasi 9,5 foizdan 8,5 foizgacha tushirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi chorak davomida byudjet xarajatlarini moliyalashtirish uchun jami 9,3 trillion so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlarini (obligatsiyalarni) muomalaga chiqardi. Banklarda pul ko‘pligi bois, ushbu xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘ldi.
Natijada, davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik foizi oyma-oy pasayib bordi va o‘rtacha 12,8 foizni tashkil etdi. Bu iqtisodiyotda inflyatsiya va foiz stavkalari pasayishi bo‘yicha kutilmalar yaxshilanayotganidan dalolat beradi. 1-aprel holatiga ko‘ra, muomaladagi davlat obligatsiyalarining umumiy qoldig‘i 50,8 trillion so‘mga yetgan.
Banklarda pulning haddan tashqari ko‘payib ketishi bozorda foiz stavkalarining keskin tushib ketishiga yoki inflyatsiyaga sabab bo‘lmasligi uchun Markaziy bank ularni «so‘rib olish» (jalb etish) operatsiyalarini faollashtirdi.
7 kunlik obligatsiyalar: Markaziy bank haftasiga o‘rtacha 49,2 trillion so‘mlik qisqa muddatli obligatsiyalarni banklar o‘rtasida joylashtirdi (o‘sish 79 foiz).
Overnayt (bir kunlik) depozitlar: Banklar o‘zlaridagi ortiqcha pulni bir kunga Markaziy bankka saqlashga qo‘yish hajmini 20 foizga oshirib, kunlik o‘rtacha 5,1 trillion so‘mga yetkazdilar.
Bu choralar tufayli pul bozoridagi asosiy indirektor (o‘lchov) bo‘lgan UZONIA stavkasi barqaror saqlanib, o‘rtacha 13,7 foizni (Markaziy bankning 14 foizlik asosiy stavkasiga yaqin) tashkil etdi.
Qiziq jihati, banklarning o‘zlari bir-birlaridan pul oladigan banklararo pul bozoridagi operatsiyalar hajmi o‘tgan chorakka nisbatan 11 foizga pasayib, 163 trillion so‘m bo‘ldi.
Pul bozoridagi operatsiyalarning 74 foizi (121 trln. so‘m) REPO (qimmatli qog‘ozlar garovi ostida pul berish) operatsiyalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Oddiy banklararo depozitlar hajmi esa 23 foizga kamayib, 42 trillion so‘mni tashkil etdi.
Bozorda asosan qisqa muddatli, ya’ni overnayt (bir kunlik) operatsiyalar ustuvorlik qildi (umumiy hajmning 89 foizi).
Markaziy bank prognozlariga ko‘ra, yilning II choragida ham byudjet xarajatlarining mavsumiy ortishi banklarda pul ko‘payishiga xizmat qiladi. Biroq bahor va yoz oylarida aholi va biznes tomonidan xorijiy valyutaga hamda naqd pulga bo‘lgan talabning an’anaviy ravishda keskin ortishi banklardagi ortiqcha pullarni qisman kamaytirishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA