“Qora quti”da nima yashiringan edi?
Kuni kecha yurtimizning bir guruh oshpazlari Izmirda bo‘lib o‘tgan, “EPAD-2019” uchinchi xalqaro festivalida ishtirok etib, qaytishdi.
Kuni kecha yurtimizning bir guruh oshpazlari Izmirda bo‘lib o‘tgan, “EPAD-2019” uchinchi xalqaro festivalida ishtirok etib, qaytishdi. Turkiya, Ozarbayjon, Koreya, Mongoliya kabi ellikdan ziyod davlat vakillari ishtirok etgan tanlovda yosh oshpazlar guruhi ikkinchi o‘rinni egalladi.
– Biz tanlovning to‘rtta nominatsiyasida ishtirok etdik, – deydi O‘zbekiston oshpazlar uyushmasining bitiruvchisi Salohiddin Nazarmuhammedov. –Baliqdan yangi ko‘rinishdagi taom tayyorlash, xamirli taom, desert va “qora quti“ ichidan chiqqan mahsulotlardan qisqa muddatda fantaziya asosida uch xil ovqat tayyorlash shular sirasidandir. Ayniqsa, baliqdan taom tayyorlash biroz qiyin bo‘ldi. Avvalo, unda 10-15 yillik tajribaga ega dunyo oshpazlari bilan bahslashishiga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, men endigina oshpaz bo‘ldim. Keyin, ularning elektr pechini ishlashiga tushunmay, bir oz chalg‘idim. Shuning uchun bu shartda ikkinchi o‘rinni egalladim. Xamirli ovqatlar tayyorlash shartida asosan o‘zimni tengdoshlarim ishtirok etdi. Bunda o‘zbekcha lag‘mon tayyorlab, g‘olib bo‘ldim. Buning uchun tuni bilan uxlamay, hamir va boshqa mahsulotlarni tayyorlashga to‘g‘ri keldi. Ammo mehnatlarim zoe ketmadi, taom komissiya a’zolariga manzur bo‘ldi. Oltin medalni qo‘lga kiritdim.

“Qora quti”ga kelsak, undagi shart nisbatan og‘ir. Chunki uning ichiga yashirilgan sabzavot va masalliqdan suyuq, quyuq taom va desert tayyorlash kerak bo‘ladi. Bunda menga ikkita sherigim yaqindan yordam berdi. Jamoa bo‘lib, harakat qildik.

"Qora quti"dan chiqqan tovuq oyog‘idan men chipsga o‘xshagan qovurma ovqat, sherigim, tovuq filesidan rulet tayyorladi. Yana bir sherigimiz esa keks, ya’ni desert tayyorladi. Shu tariqa, biz jamoalar orasida ikkinchi o‘rinni egalladik.
Yosh oshpazlar bilan suhbatlashganimizda, ular birinchi marta xorijga chiqishgani va g‘olib bo‘lib qaytishganidan nihoyatda hayajonda yurishgani haqida so‘zlab berishdi.
Yana bir gap – oshpazlarimiz tanlovda pishirgan barcha taomlar uchun masalliqni yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlardan tayyorlashganini aytishmoqda.
Saytimizni kuzatib boring. Kelgusida “Kazan mangal” Yevroosiyo chempionatida ishtirok etgan yoshlarimizning taassurotlari va yutuqlari bilan tanishasiz.