Qo‘mondon “Jasorat maktabi”da yoshlar bilan uchrashdi
Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida tashkil etilgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Mirsaid Shukurov yoshlar bilan gulxan atrofida suhbatlashdi.
“Jasorat maktabi” yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, ularning harbiy sohaga qiziqishini oshirishga, liderlik qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan maxsus o‘quv yig‘ini bo‘lib, ularning jismoniy ma’naviy tayyorgarligini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samimiy muloqot chog‘ida bunday o‘quv yig‘inlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etib, ularda jamoaviylik, intizom va mas’uliyat hissini shakllantirishga ko‘maklashayotgani alohida ta’kidlandi. O‘quv yig‘ini qatnashchilarining taklif va tashabbuslari tinglandi. Ularni qiziqtirayotgan masalalar eshitildi. Harbiy xizmat, Vatanga sadoqat, yoshlarning kelajakdagi maqsadlari va mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi. O‘quv yig‘inida faol ishtirok etgan, turli sport musobaqalari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yuqori natijalarga erishgan bir guruh yoshlar qo‘mondonlikning faxriy yorliqlari, kitob jamlanmalari va boshqa esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Uchrashuv yakunida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri san’atkorlarining Amir Temur hayoti va jasoratini aks ettiruvchi sahna chiqishlari namoyish etildi. Harbiy baxshilar ijrosida dostonlardan parchalar va termalar ijro etildi. Termiz garnizoni harbiy orkestri va san’atkorlarning Ona Vatan, tinch, obod turmush, jasorat, sadoqat va yurtga muhabbat madh etilgan kuy-qo‘shiqlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri