Jahon chempionati: O‘zbekistonlik eshkak eshuvchilarni jiddiy sinov kutmoqda
Polshadagi jahon chempionatida O‘zbekiston baydarka va kanoechilari medallar uchun kurashadi. Bu musobaqa "Los-Anjeles-2028" Olimpiadasiga yo‘l ochadigan muhim bosqich.
Polshaning Poznan shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati start oldi. Chempionat «Malta Regatta Course» suv havzasida 30-avgustga qadar tashkil etiladi. Quvonarlisi, unda O‘zbekiston baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha milliy terma jamoasi jahonning kuchli eshkak eshuvchilari bilan bir qatorda medallar uchun bahs olib boradi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, chempionatga tayyorgarlik jarayonida terma jamoa a’zolari Toshkent dengizida, shuningdek, Litva va Polshada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi.
Jahon chempionati sportchilarimiz uchun nafaqat medallar, balki “Los-Anjeles-2028” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari yo‘lida muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritish imkoniyatini beradi.
Musobaqada O‘zbekiston sharafini Shahriyor Mahkamov, Ziyodbek Yo‘ldoshaliyev, Oleksandr Zarubin, Samandar Haydarov, Shahrizoda Mavlonova, Arina Tanatmisheva, Yekaterina Shubina, Milana Dushev-Yanich, Artur Guliyev, Vladlen Denisov, Diyorbek Mamatqulov, Mirjalol Komilov, Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova himoya qiladi.
Parakanoe dasturida esa Azizbek Abduhabibov, Oybek Yo‘ldoshaliyev, Hasan Qo‘ldoshev, To‘rabek Nazarqulov, Haytmurod Sherqo‘ziyev, Farida Abduraimova, Shahnoza Mirzayeva, Irodaxon Rustamova va Shahzoda Mamadaliyeva yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Jahon chempionatida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 200, 500, 1000 va 5000 metr masofalarda, parakanoe dasturida esa 200 metr masofada bahslar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA