Umidvor ko‘ngillarga hayotbaxsh tuhfa
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan xayrli tadbirlar orasida beg‘araz donorlik aksiyalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zero, inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiladigan har bir xayrli amal ezgulik va insonparvarlikning yorqin namunasidir.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasi ham ana shunday savobli tashabbuslardan biridir. Aksiyaning asosiy maqsadi og‘ir xastaliklarga qarshi kurashayotgan, donor qoniga ehtiyoj sezayotgan bolajonlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda donorlik madaniyatini keng targ‘ib qilish va insonparvarlik g‘oyalarini mustahkamlashdan iborat.

Mazkur tashabbus Toshkent viloyatida ham yuqori saviyada tashkil etildi. Nurafshon shahridagi Toshkent viloyati qon quyish stansiyasida o‘tkazilgan tadbir yuzlab fidoyi insonlarni bir maqsad – bemor bolalarga yordam berish yo‘lida birlashtirdi. Aksiyada partiya faollari, mahalliy Kengash deputatlari, korxona va tashkilotlar xodimlari, yoshlar hamda ko‘ngilli fuqarolar faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida qon topshirish uchun kelgan fuqarolarning ko‘pligi yurtimizda mehr-oqibat va saxovat tuyg‘ulari yuksak ekanini yana bir bor namoyon qildi. Har bir donorning ezgu niyati ortida kimningdir hayotini saqlab qolish, bemor bolalarga umid bag‘ishlash istagi mujassam edi.

— Nurafshon shahar yoshlari ushbu aksiyada katta qiziqish bilan ishtirok etdi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi shahar bo‘limi rahbari Mirkarim Ahmadjonov. — Donorlik orqali biz nafaqat bemor bolalarga yordam beramiz, balki jamiyatda insonparvarlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga ham hissa qo‘shamiz.


Muhimi, “Bor mehrimiz senga, bolajon!” aksiyasi nafaqat donorlik harakatini rivojlantirishga, balki jamiyatda mehr-oqibat, bag‘rikenglik va inson qadrini ulug‘lash kabi yuksak qadriyatlarni qaror toptirishga ham xizmat qilmoqda. Shu sababli bu kabi tadbirlarni boshqa hududlarda ham o‘tkazish rejalashtirilyapti.
A.Musayev,O‘zA