Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar: zamonaviy agrodron imkoniyatlari namoyish etildi
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti tajriba xo‘jaligida Malayziyaning “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasi hamkorligida dala seminari tashkil etildi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari, institut mutaxassislari, ilmiy xodimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi sohasiga raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, zamonaviy agrodronlarning imkoniyatlari bilan mutaxassislarni yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida kompaniya bosh ijrochi direktori Rozali Ismoil tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy agrodron taqdim etildi. Mutaxassislar dronning texnik xususiyatlari, ishlash tamoyili hamda uni qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlash jarayonlarida qo‘llash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Amaliy namoyish jarayonida agrodron yordamida o‘simliklarni himoya qilish, ekin maydonlarini monitoring qilish va agrotexnik tadbirlarni yuqori aniqlikda bajarish imkoniyatlari ko‘rsatildi. Ta’kidlanganidek, mazkur texnologiya mehnat unumdorligini oshirish, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Mutaxassislarning fikricha, agrodronlardan foydalanish sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA