Qishga tayyorgarlik holati o‘rganildi
Ayni vaqtda yurtimizda hukm surayotgan salqin havo oqimini hademay sovuq haroratli kunlar egallaydi. Bu o‘z navbatida kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni mavsumga qanday hozirlik ko‘rganligini amalda ko‘rsatadi.
Namangan viloyatida aholiga sifatli gaz va elektr ta’minotini bir maromda yetkazish maqsadida tegishli xizmat ko‘rsatuvchi idoralar tomonidan qator amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, Uychi tumanida jismoniy va yuridik iste’molchilarga 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tabiiy gaz ta’minotiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.

"Uychi tumangaz" gaz ta’minoti bo‘limida olib borilgan o‘rganish jarayonlarida "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi.

Ko‘rik davomida favqulodda holatlarda foydalanish uchun shakllantirilgan 45 turdagi zaxira gaz jihozlari ko‘zdan kechirilib, ularning tayyorgarlik holatiga baho berildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, mazkur ishlar mavsumni barqaror va xavfsiz o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarga tezkor javob qaytarish imkoniyatlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri