Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar yaxshi natija bergani aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Olmazor tumanida mahalla va ko‘chalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yil boshidan tumandagi 9 ta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirildi. Bu borada Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar yaxshi natija bergani qayd etildi.
Ilgari infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan hududda qisqa vaqt ichida 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yo‘lagi va favvoralar barpo etildi. Natijada 5,5 ming nafar aholi uchun yashash va dam olish sharoiti sezilarli darajada yaxshilandi.
Ushbu tajribani kengaytirib, Olmazorda yana 8 ta ko‘chada, poytaxtning qolgan 11 ta tumanida esa kamida 3-4 tadan ko‘chada shu kabi ishlar boshlanishi belgilandi.
Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trillion so‘m ajratilgan. Shuningdek, 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish bo‘yicha 4 yillik, 10 trillion so‘mlik dastur ishlab chiqiladi.
Har bir tumanda qaysi ko‘cha va mahallada, qachon va qanday o‘zgarish bo‘lishi aniq belgilab olinib, mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi va aholiga ochiq e’lon qilinishi zarurligi ta’kidlandi.
O‘zA