Qayta tiklanuvchi energiya: har jihatdan afzal
Buxoroda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya iqtisod qiluvchi texnologiyalarni tatbiq etishga ko‘maklashish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
Buxoroda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya iqtisod qiluvchi texnologiyalarni tatbiq etishga ko‘maklashish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda hokimliklar vakillari, kichik biznes korxonalari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda energiya resurslariga talab oshib borayotgan bugungi kunda qayta tiklanadigan energiyalar muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 1-martda qabul qilingan “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida muqobil energiya manbalari sohasida olib borilayotgan tadqiqot va ishlanmalar ustidagi izlanishlarni yanada yuqori texnikaviy va ilmiy darajada davom ettirish, shuningdek, respublikamizda ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy uskuna hamda texnologiyalarni ishlab chiqarishni kengaytirish vazifalari belgilangan.
Hozirgi paytda mamlakatimizda turli quyosh panellari kabi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi ko‘plab korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “Eko-energiya” ilmiy-tatbiqiy markazi, “Mir Solar” mas’uliyati cheklangan jamiyati shular jumlasidandir. Qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha tayyorlangan ishlanmalar iqtisodiyotimizning turli sohalarida keng qo‘llanilayotir.
“Eko-energiya” markazi tomonidan ishlab chiqarilgan qurilmalar Buxoro viloyatidagi bir qator tashkilot va ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan bo‘lib, asosan yoritish va binolarni issiq suv bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Seminarda qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida ishlaydigan bunday qurilmalardan foydalanishni kengaytirish, uning afzalliklari, bu borada yechimini kutayotgan muammolar, quyosh, shamol va biomassa energiyalari, biogaz texnologiyalarining qo‘llanishi haqida fikr almashildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari yangi elementlarini kommunal soha, olis hududlarda joylashgan uy-joy, tibbiyot va ta’lim muassasalarida qo‘llash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada korxona, tashkilot va xonadonlarda ishlatiladigan ekologik toza, tejamkor texnologiya va uskunalar namoyish etildi.
– “Eko-energiya” markazi taklif etayotgan biogaz qurilmasi bizda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi G‘ijduvon tumanidagi “Mirzo O‘rinov omadi” fermer xo‘jaligi rahbari Mirzo O‘rinov. – Markaz bilan hamkorlikda xo‘jaligimiz issiqxonasiga parranda go‘ngini qayta ishlash asnosida elektr energiya va issiqlik yetkazib beradigan qurilma o‘rnatishni rejalashtirdik.