Chegirmalar ortidagi aldovlar fosh bo‘ldi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda yoki ko‘chalardagi reklama bannerlarida «50% chegirma», «oxirgi kun», «ulgurib qoling» degan yozuvlarga ko‘zimiz tushadi.
Ba’zida shoshma-shosharlik bilan zarur mahsulot uchun buyurtma beramizu qo‘limizga yetib kelgach xayolimizda bir gumonli savol tug‘iladi. Rostdan ham arzonlashdimi yoki avval narxini sun’iy ko‘tarib, keyin arzon qilib ko‘rsatishyaptimi?
Raqobat qo‘mitasi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi ana shunday “sehrli” chegirmalarni tahlil qilib ko‘rdi. Natijalar esa, chiroyli marketingdan boshqa narsa emasligini ko‘rsatdi.
Xususan, qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida 58 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasidagi 116 ta aksiya va chegirmalar jiddiy savollarni tug‘dirdi. O‘rganishlar davomida 65 ta muammo va kamchilik aniqlandi. Ayrim hollarda e’lon qilingan chegirmalar amalda boshqacha qo‘llanilgan, aksiya shartlari to‘liq tushuntirilmagan yoki g‘oliblarga va’da qilingan sovrinlar berilmagan.
Masalan, Andijon viloyatida 60 million so‘mlik sovrin berilmagan. Ya’ni, “Water Life Mineral” MCHJ tomonidan o‘tkazilgan “Orzu ushalsin” aksiyasida 3 nafar ishtirokchiga jami 60 million so‘m taqdim etilmagan. Mazkur holat yuzasidan tadbirkorga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchilar huquqlari buzilgani bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi va ko‘rsatma berildi.
Namangan viloyatida yashovchi Fuqaro A.A. “Namangan avtotexxizmat” MCHJ aksiyasida ishtirok etib, Chevrolet Cobalt avtomobilini yutib olgan. Biroq, telefon raqami noto‘g‘ri terilgani sababli g‘olib bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmagan. Natijada uning yutug‘i bekor qilinib, boshqa shaxsga berilgan. Raqobat qo‘mitasi aralashuvi bilan avtomobil haqiqiy g‘olibga qaytarildi.
Shuningdek, Namangandagi “Baldini” do‘koni, Buxoro shahridagi “IDEA” do‘koni, “Samarqand avtotexxizmat” MCHJ va Qashqadaryo viloyatida “1+1” aksiyasi doirasida o‘tkazilgan aksiyalarda ham yuqoridagi kabi mijozlarni aldash va ularning yutuqlarini bermaslik kabi xolatlar aniqlangan.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, asosiy muammo qoidalarning yo‘qligida emas, balki ularga rioya etilishini o‘z vaqtida va samarali nazorat qilish mexanizmlarining yetarli emasligida. Shu sababli Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalarni nazorat qilishning yangi raqamli mexanizmlari bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda. Maqsad — aksiya va chegirmalarning shaffofligini oshirish, xaridorlarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish.
Nigora Rahmonova,
O‘zA