Qatar. Keyingi bosqichga yo‘l ochildi...
Kecha futbol bo‘yicha jahon chempionati guruh o‘yinlarining ikkinchi turi yakunlandi. Hozrcha uch jamoa muddatidan ilgari turnirning 1/8 finaliga chiqdi. Qolgan jamoalar taqdiri birinchi bosqichning oxirgi turiga bog‘liq.
Fransiya Daniyani (2:1), Braziliya Shveysariyani (1:0), Portugaliya Urugvayni (2:0) yengib, mundialdagi yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.
Portugaliya jahon chempionatlarida qatorasiga sakkiz matchda gol urib, jamoaning rekordlar seriyasini yana bittaga oshirdi. 39 yoshli Pepe mundiallar tarixidagi eng “keksa” o‘yinchilar qatoridan joy oldi. Pepedan avval “JCH-1994”da kamerunlik Roje Milla va Qatar mundialida qatnashgan Kanada himoyachisi Atiba Xatchinson shunday darajaga erishgan.
Braziliya ikki o‘yinda ham raqiblari darvozaga to‘p kiritishiga yo‘l qo‘ymadi. Janubiy Amerika jamoasi jahon chempionatlarining ketma-ketma 17 matchida mag‘lubiyat alamini chekmagani tarixga yozildi.
Kecha Gana Janubiy Koreyani 3:2 hisobida mag‘lub etdi, afrikalik yarim himoyachi Muhammad Quddus ikki golga mualliflik qildi va Gana futboli tarixida jahon chempionatlarida “dubl”ga erishgan ilk futbolchi bo‘ldi.
Fransiya va “Real” hujumchisi Karim Benzema “JCH-2022” o‘yinlariga qaytishi mumkin. Avvaliga uning jarohati jiddiyligi, bu mundialda o‘ynamasligi e’lon qilingandi. Kutilmaganda “Oltin to‘p” sohibi ikki-uch kun ichida mashqni boshlashi mumkin, degan umidvor xabar tarqaldi.
Qatarda “maydon tashqarisi”da ham kutilmagan voqealar uchrab turibdi.
Shveysariya jamoasini Braziliya bilan o‘yinga olib ketayotgan avtobus politsiya avtomobili bilan to‘qnashib ketdi. Xayriyatki, futbolchilardan hech biri jarohatlanmagan. Bu ikki jamoa matchi davom etar ekan, 44-daqiqada stadionda chiroq o‘chib qoldi, o‘yinchilar va tomoshabinlar zimistonda qoldi. O‘sha payt maydonda faqat reklama bannerlari yonib turdi.
FIFA Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Evelina Kristillin bergan bayonotga ko‘ra, “Rossiya-2018” va “Qatar-2022” musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilishlarda g‘irromlikka yo‘l qo‘yilgan.
“Ovoz berish jarayonida FIFAdan faqat Ijroiya qo‘mita ishtirok etgan. Natijada korrupsiya holati yuzaga kelib, oraga pul aralashgan. Hammasi konvert tarqatishdan boshlangan. Bundan keyin hech qachon ayni holat takrorlanmaydi. Qatar kabi mamlakatlarda mundial o‘tkazilmaydi”, deya Kristillindan iqtibos keltirdi “Football Italia” nashri.
Ta’kidlanishicha, FIFAning sobiq prezidenti Yozef Blatter 2022 yil jahon chempionati AQSHda o‘tkazilishi kerakligini aytgan. UEFA rahbari Mishel Platini esa mamlakati prezidenti iltimosiga ko‘ra, Qatar foydasiga ovoz bergan. Mish-mishlarga ko‘ra, Qatar o‘sha payt Fransiyadan bir necha milliard dollarga qiruvchi samolyotlar sotib olgan ekan...
Abror XON, O‘zA