«Qatar-2022»: Argentinadagi shiddat, Messining rekordlari
Bugun, 14 dekabr kuni Qatardagi «Al-Bayt» stadionida jahon chempionati yarim finalida Fransiya-Marokash o‘yini o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvni meksikalik Sesar Ramos boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.
Kecha esa Argentina terma jamoasi Qatarda zo‘r shiddat bilan poyoniga yetib borayotgan 2022 yilgi Jahon chempionatining yarim finalida Horvatiyani mag‘lub etdi. «Lusail» stadionidagi uchrashuv 3:0 hisobida janubiy amerikaliklar g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 34-daqiqasida o‘yindagi hisobni Lionel Messi 11 metrlik jarima zarbasi orqali ochgan bo‘lsa, 39-daqiqada Alvares Argentina jamoasini finalga yanada yaqinlashtirdi. Ikkinchi bo‘lim, 69-daqiqada esa 22 yoshli Alvares Messining uzatmasidan unumli foydalanib, hisobni 3:0ga yetkazdi.

Endi argentinaliklar 18 dekabr kuni o‘tadigan final o‘yinida Fransiya-Marokash qarama-qarshiligida g‘olib chiqqan baxtli jamoa bilan ro‘baro‘ keladi.
Ushbu jamoalar bahsining qiziq bir jihati – 2018 yilgi Jahon chempionatida argentinaliklar aynan horvatlarga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
Argentina-Hovatiya uchrashuvining o‘ziga xos shov-shuvlaridan biri – unda Lionel Messi samarali harakatlar soni bo‘yicha Jahon chempionati rekordini o‘rnatdi.

Messi mundialning uchta o‘yinida gol urishga va golli uzatmalarga mualliflik qilgan yetakchi futbolchi nomiga musharraf bo‘ldi.
Tajribali hujumchi bunday muvaffaqiyatga Meksika bilan kechgan guruh o‘yinida (2:0), Gollandiyaga qarshi 1/4 finalda (penaltilar seriyasida 2:2, 4:3) va Horvatiya bilan yarim final uchrashuvida erishdi.
Bundan tashqari, Messi mundiallarda 11 ta gol va to‘qqizta golli uzatmani qayd etdi. U ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Miroslav Kloze (16 + 3), Ronaldu (15 + 4), Gerda Myuller (14 + 5) va Pele (12 + 7)ni ortda qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun – 14 dekabr kuni yarim final o‘yinining ikkinchi juftligida Fransiya-Marokash «dueli» tashkil etiladi. Jahon chempionatining 3-o‘rin uchun kechadigan uchrashuvi 17 dekabrda, final bahsi esa 18 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA