Qashqadaryoga navbatdagi 38 ta zamonaviy avtobus olib kelindi
Qarshi shahri jamoat transporti tizimini yanada takomillashtirish maqsadida navbatdagi 38 ta zamonaviy avtobus olib kelindi.
Mazkur avtobuslardan foydalanishga topshirish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, nuroniylar, mutasaddi tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar hamda haydovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Qarshi shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasi” ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi so‘zga chiqib, aholiga zamonaviy va sifatli transport xizmati ko‘rsatishga qaratilgan bunday loyihalar yurtdoshlar uchun yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shundan so‘ng avtobuslar kalitlari haydovchilarga topshirildi va ishtirokchilar yangi transport vositalarida yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan olib kelingan 38 ta avtobus Qarshi shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasida belgilangan ikki yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
[gallery-30473]
Natijada Qarshi shahrida brutto-shartnoma tizimi asosida faoliyat yuritayotgan avtobus yo‘nalishlari soni 14 taga, ularda harakatlanadigan avtobuslar soni esa 164 taga yetadi. Bu esa aholiga ko‘rsatilayotgan jamoat transporti xizmati sifati va qamrovini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA