Qashqadaryoda 2500 nafardan ortiq xodim davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshirdi
Davlat tilining nufuzini oshirish, uning me’yorlariga ish yuritish jarayonida to‘liq amal qilish hamda davlat xizmatchilarining savodxonligini yuksaltirish muhim vazifalardan hisoblanadi. Bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining hududiy bo‘linmalari faoliyat olib bormoqda.
Markaz Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning hududiy bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, markazning Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasida davlat xizmatchilari uchun «O‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish» kursi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunga qadar viloyatda 2500 nafardan ortiq xodim mazkur kurslarda malaka oshirdi. Shuningdek, aholi uchun «O‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yorlari» kursi bepul o‘tkazilmoqda.
– Asosiy maqsadimiz davlat tilini barcha sohalarda keng joriy etish va ish yuritishda o‘zbek adabiy tili me’yorlariga to‘liq amal qilinishiga ko‘maklashishdan iborat. Shu maqsadda davlat tashkilotlari xodimlarining malakasini oshirish bilan birga, aholi uchun ham o‘quv kurslarini tashkil etmoqdamiz, – deydi markazning viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Erkin Tursaxatov.
[gallery-31942]
Markaz tomonidan davlat tili me’yorlariga rioya etishni ommalashtirishga qaratilgan elektron platformalar imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda. Jumladan, Milliynom.uz platformasi orqali tadbirkorlar o‘z ob’ektlari uchun davlat tili me’yorlariga mos nom tanlashlari mumkin. Hozirga qadar platformaga 100 mingdan ortiq nom kiritilgan.
Shuningdek, tilbilig.uz saytida audiodiktant va esse namunalari joylashtirilgan. Ushbu manbalar asosida tashkilotlarda ommaviy diktant tadbirlari o‘tkazilib, xodimlarning yozma savodxonligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi ishlar davomi sifatida joriy yil 20-oktabr kuni «Davlat tili taraqqiyoti: muammo va yechimlar» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman oltinchi bor o‘tkaziladi. Shuningdek, «Savodxon tashkilot – savodli jamiyat» shiori ostida ommaviy diktant tadbirlari ham davom ettiriladi.
Jamshid NORQOBILOV (surat+video), O‘zA