Qarzdorning gaz quyish shoxobchasi 8 mlrd so‘mga sotildi, 3 mlrd so‘mlik soliq qarzi undirildi
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida qarzdorga tegishli metan gaz quyish shoxobchasi elektron onlayn-auksion orqali sotilib, davlat oldidagi ko‘p milliard so‘mlik qarz to‘liq qoplandi.
Ma’lum qilinishicha, Majburiy ijro byurosining Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor A. Sulaymonovga tegishli mol-mulk elektron onlayn-auksionga chiqarilgan.
Bunga qarzdorning 2 mlrd 946 mln so‘mlik soliq qarzi hamda 58,9 mln so‘m ijro yig‘imini qonunchilikda belgilangan muddatda ixtiyoriy ravishda to‘lamagani sabab bo‘lgan.
Auksion yakunlariga ko‘ra, metan gaz quyish shoxobchasi qariyb 8 mlrd so‘mga sotildi. Savdodan tushgan mablag‘ hisobidan 3 mlrd 5 mln so‘mdan ortiq soliq qarzi va ijro yig‘imi to‘liq qoplandi.
Qayd etilishicha, qolgan mablag‘ boshqa haqdorlarning talablarini qondirishga yo‘naltirildi. Natijada jami 3 mlrd 5 mln 34 ming 444 so‘m mablag‘ undirilib, ijro hujjatining ijrosi to‘liq ta’minlandi.