Qarshida “Millat shavkati” kitobi taqdimoti
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyat kengashida davlat arbobi va siyosatchi Qudratilla Rafiqovning “Millat shavkati” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda kasaba uyushmalari faollari, nuroniylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirni viloyat kasaba uyushmalari kengashi raisi Baxtiyor Jo‘rayev boshqardi.
“Millat shavkati” kitobidan o‘rin olgan 12 ta ilmiy-ommabop maqolada O‘zbekistonning yaqin va uzoq tarixi, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi siyosiy va iqtisodiy muhit, dunyoda kechayotgan geosiyosiy jarayonlar haqida fikr yuritiladi.
Muallif ushbu jarayonlarni bayon etish bilan cheklanib qolmay, ularning mamlakat taraqqiyoti, milliy manfaatlar va inson hayotiga daxldor jihatlarini tahlil qiladi.
Asarda siyosiy va iqtisodiy islohotlar bilan bir qatorda, sanoat va ishlab chiqarishni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi o‘zgarishlar kabi masalalarga ham e’tibor qaratilgan. Bu jarayonlarning barchasi inson manfaatlari bilan uyg‘un holda yoritilgan.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda voqealar haqida ma’lumotga ega bo‘lishning o‘zi kifoya emas. Ularni anglash, tahlil qilish va to‘g‘ri xulosa chiqarish muhim. Shu nuqtai nazardan, kitobdagi tahliliy yondashuv o‘quvchini mamlakat va mintaqada kechayotgan jarayonlar haqida mushohada yuritishga undaydi.
Asarda kasaba uyushmalarining mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rniga ham e’tibor qaratilgan. Zero, mehnat huquqlari, munosib mehnat sharoiti va ijtimoiy himoya masalalari jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.
Tadbir davomida ishtirokchilar kitobning mazmun-mohiyati, undagi tahliliy fikrlar, mamlakatimiz taraqqiyoti va mintaqada kechayotgan jarayonlarga berilgan baholar yuzasidan fikr almashdilar.
Ayniqsa, nuroniylarning tadbirdagi ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, mamlakat taraqqiyotining turli bosqichlariga guvoh bo‘lgan avlod vakillarining bugungi o‘zgarishlarga munosabati, hayotiy tajribasi yoshlar uchun muhim saboqdir.
Taqdimotda kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yoshlarning dunyoqarashini boyitish, ularni Vatan va millat taqdiriga daxldor masalalar haqida mustaqil fikrlashga o‘rgatish zarurligi qayd etildi.
“Millat shavkati” kitobining kasaba uyushmalari tizimida taqdim etilgani ham ana shu maqsadlar bilan uyg‘un. Tadbir nafaqat yangi asar bilan tanishish, balki mamlakatimiz va jamiyatimiz hayotidagi muhim jarayonlar haqida fikr almashish uchun o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘ldi.
[gallery-31236]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari