Qariyb 6 tonna prekursor moddaning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi
Bojxona qo‘mitasi tomonidan giyohvandlik vositalari ishlab chiqarishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qariyb 6 tonna prekursor moddaning noqonuniy savdosiga barham berildi.
Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 3 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirgan holda 1 tonna xlorid kislotasini 14,5 million so‘mga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir izchil davom ettirilib, ushbu shaxslardan birining Toshkent tumanida ijaraga olgan omborxonasi ko‘zdan kechirildi. Tekshiruvlar davomida omborda yana 4,9 tonna xlorid kislotasi saqlanayotgani aniqlandi.
Surishtiruvlar jarayonida mazkur shaxslarda prekursor moddalarni saqlash, tashish va realizatsiya qilish huquqini beruvchi qonunchilikda belgilangan hech qanday ruxsatnoma yoki tegishli hujjatlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, xlorid kislotasi xalqaro va milliy qonunchilikka muvofiq muomalasi cheklangan prekursorlar ro‘yxatiga kiritilgan. Chunki ushbu kimyoviy moddadan geroin, kokain kabi an’anaviy, shuningdek, turli sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash jarayonida foydalanilishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tashqi ko‘rinishidan oddiy kimyoviy suyuqlik bo‘lib ko‘ringan bu modda jinoiy maqsadlarda ishlatilgan taqdirda, yuzlab yoshlarning hayoti va taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, oilalar parokandaligiga sabab bo‘lishi hamda jamiyat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin edi.
Hozirda umumiy og‘irligi 5 900 kilogramm bo‘lgan kimyoviy moddalarning kelib chiqish manbasini aniqlash hamda ushbu jinoiy faoliyatga aloqador boshqa shaxslarni fosh etishga qaratilgan surishtiruv va tezkor-tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Sh. Mamaturopova, O‘zA