O‘zbekistonda ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasi o‘tkaziladi
2026-yilning 9–16-avgust kunlari Toshkent shahri 38-Xalqaro informatika olimpiadasiga (IOI 2026) mezbonlik qiladi.
Ushbu kunlarda poytaxtimiz 97 dan ziyod mamlakatdan kelgan 386 nafar yosh dasturchini bir yerga jamlaydi.
Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) — 1989-yildan buyon maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida sport dasturlash bo‘yicha o‘tkaziladigan dunyodagi eng yirik va nufuzli musobaqa bo‘lib, har yili 90 dan ortiq mamlakatning eng iqtidorli vakillarini birlashtiradi.
IOI Bosh assambleyasining qaroriga ko‘ra, 2023-yilda Olimpiadani o‘tkazish huquqini mamlakatimiz qo‘lga kiritgan edi. Oradan ikki yil o‘tib, 2025-yilda Boliviyada bo‘lib o‘tgan Olimpiadaning yopilish marosimida O‘zbekistonga IOI bayrog‘i tantanali tarzda topshirildi va shu tariqa Toshkent navbatdagi mezbon shahar maqomini rasman mustahkamladi.
IOI 2026 olimpiadasida ishtirok etish uchun AQSH, Xitoy, Germaniya, Singapur, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Buyuk Britaniya kabi 97 dan ortiq mamlakatdan 386 nafar maktab o‘quvchisi ro‘yxatdan o‘tgan. Hamrohlik qiluvchi delegatsiyalar, faxriy mehmonlar va xalqaro qo‘mitalar a’zolari bilan birgalikda ishtirokchilarning umumiy soni 900 nafardan oshadi.
Sakkiz kunlik dastur algoritmik masalalarni yechishga bag‘ishlangan besh soatlik turlar, seminarlar, vorkshoplar hamda Toshkentning diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalarni o‘z ichiga oladi.
Olimpiadani Toshkentda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror IOI qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston taqdim etgan mezbonlik arizasi asosida qabul qilindi. 2027-yilda esa ushbu nufuzli musobaqaga Germaniya mezbonlik qiladi.
IOI 2026 olimpiadasida O‘zbekiston mezbon davlat sifatida ikkita jamoa — milliy saralash bosqichlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan 8 nafar iqtidorli yoshni xalqaro maydonga olib chiqadi:
birinchi jamoa a’zolari — Jahongir Shoh Avazxonov, Timur Kadirbergenov, Jaxonali Xaydaraliyev va Ulug‘bek Raxmatullayev;
ikkinchi jamoa a’zolari — Sardor Salimov, Humoyun Abduraupov, Ulug‘bek Kamalov va Ravshan Rahmiddinov. Ishtirokchilar Prezident maktablari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab, Vestminster akademik litseyi hamda TATU akademik litseyi vakillaridir.
38-Xalqaro informatika olimpiadasi O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan ilk nufuzli IT musobaqasi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, IT-ta’lim uyushmasi va Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi IOI 2026 olimpiadasining tashkilotchilari hisoblanadi.
Mazkur tadbir turli mamlakatlar yoshlari va mutaxassislari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. 90 dan ortiq davlatdan ishtirokchilar va delegatsiyalarning tashrifi esa O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib etishga xizmat qiladi. Ko‘plab mehmonlar uchun bu Markaziy Osiyo bilan ilk tanishuv bo‘ladi
Hamroz Bayonov, O‘zA