Qamashida sel talafoti oqibatlari bartaraf etilmoqda
Ikki-uch kun davomida kuzatilayotgan yomg‘irli havo Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi bir qator qishloqlar aholisi uchun ham jiddiy sinov bo‘ldi. Ayniqsa, tumandagi Oqqishloq, Oqsuv, Qizilmachit hamda Tegirmonqul hududlarida yuzaga kelgan sel oqimlari infratuzilmaga zarar yetkazib, aholini tashvishga soldi.
Mahalliy aholi va mutasaddilarning ta’kidlashicha, yuqori hududlarda yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida soy o‘zanlari suvni sig‘dira olmay, sel oqimi kuchaygan. Natijada yo‘lida uchragan ko‘priklar, elektr simyog‘ochlari va boshqa ob’ektlarga zarar yetgan.
Oqqishloq qishlog‘i yashovchisi Olim Ro‘zimurodovning aytishicha, bu qadar katta selni u avval ko‘rmagan.
– Yomg‘ir yuqori hududlarga yoqqan. Sel uchta ko‘prikka zarar yetkazdi. Buzoqlar, chorva mollari oqimga tushib ketdi. Elektr ta’minoti va aloqa tizimida ham uzilishlar bo‘ldi. Shu yoshga kirib bunday holatni birinchi bor ko‘ryapman, – deydi u.
Aholi vakillarining ma’lum qilishicha, sel oqimi oqibatida qishloqqa olib boruvchi, hashar yo‘li bilan qurilgan uchta ko‘prik vayron bo‘lgan. Shuningdek, ellikdan ziyod chorva mollari nobud bo‘lgani haqida ham ma’lumotlar bildirilmoqda.
[gallery-29573]
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda sel oqimida oqib ketayotgan “Damas” avtomobili ko‘pchilikning xavotiriga sabab bo‘ldi.
“Changak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tuyg‘un Xo‘jamqulovning ta’kidlashicha, mazkur transport vositasi tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlariga tegishli bo‘lib, u daryo yoqasida to‘xtatilgan vaqtda sel oqimida oqib ketgan.
– Avtomobil ichida hech kim bo‘lmagan. Keyinchalik maxsus texnika yordamida chiqarib olindi. Ayrim joylarda sel suvlari chiqindilarni quvurlarga tiqib qo‘ygani sababli suv yo‘l qatnov qismiga chiqqan va harakat vaqtincha cheklangan, – deya ta’kidladi.
Hududda bo‘lganimizda sel izlari tumanning bir nechta aholi punktlarida saqlanib qolganiga guvoh bo‘ldik. Ayrim joylarda piyodalar ko‘prigi, ichki yo‘llar hamda soy yoqasida joylashgan xonadonlarning qo‘shimcha xo‘jalik binolariga ham zarar yetgani ma’lum bo‘ldi.
“Qizilqishloq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akmal Bo‘riyevning so‘zlariga ko‘ra, sel kutilmagan vaqtda shakllangan bo‘lsa-da, aholini tezkor ogohlantirish orqali og‘ir oqibatlarning oldi olingan.
– Fuqarolarimizga jiddiy ziyon yetmadi. Ammo daryo o‘zaniga yaqin hududdagi ayrim qo‘shimcha xo‘jalik binolari va chorva mollariga zarar yetgani haqida ma’lumotlar bor. Shuningdek, yo‘llar va ko‘priklarga ham talafot yetgan, – deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea sodir bo‘lgan dastlabki soatlardanoq tuman hokimligi tomonidan maxsus ishchi guruh tashkil etilgan. Hozirda favqulodda vaziyatlar xizmati va mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarar ko‘lamini o‘rganish, hududlarni tozalash va infratuzilmani tiklash ishlari olib borilmoqda.
Tuman obodonlashtirish boshqarmasi yo‘l bo‘limi boshlig‘i Xolmo‘min Qo‘yliyevning qayd etishicha, vayron bo‘lgan ichki yo‘llar va ko‘priklarni ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Mutaxassislar sel mavsumi davom etayotganini inobatga olgan holda aholini ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda. Xususan, soy yoqalarida chorva mollarini qarovsiz qoldirmaslik, rasmiy idoralar ogohlantirishlariga qat’iy amal qilish muhimligi ta’kidlanmoqda.
Tabiat hodisalari inson irodasini yana bir bor sinovdan o‘tkazadi. Eng muhimi, bu kabi favqulodda vaziyatlarda aholining hushyorligi, hamjihatligi va tezkor choralar ko‘rilishi talafotlarni kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari