Qamashida 274 ta oilaga suv nasoslari tarqatildi
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida ehtiyojmand oilalarning tomorqadan samarali foydalanishi va qo‘shimcha daromad manbaini yaratishiga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Mahallalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tomorqasidan unumli foydalanish istagida bo‘lgan, ammo sug‘orish imkoniyati cheklangan oilalar aniqlanib, ularga subsidiya asosida turli rusumdagi suv nasoslari ajratilmoqda.
Navbatdagi tadbirda tumandagi 274 ta oilaga ana shunday suv nasoslari topshirildi. Bu esa xonadonlarda mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va shu orqali qo‘shimcha daromad olish uchun imkoniyat yaratadi.
Aslida, tomorqadan unumli foydalanish oila farovonligini oshirishning eng qulay va barqaror yo‘llaridan biridir. Yetishtirilgan mahsulot xonadon ehtiyojini ta’minlash bilan birga, ortiqchasini bozorga chiqarib, oila byudjetiga qo‘shimcha mablag‘ keltirishi mumkin. Eng muhimi, bu jarayon aholining mehnat faolligini oshirib, doimiy daromad manbaini shakllantirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar tomonidan fuqarolarga tomorqadan oqilona foydalanish, suv resurslarini tejash, serdaromad va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.
Bunday amaliy ko‘maklar ehtiyojmand oilalarni faqat qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanmay, ularning o‘z imkoniyatiga tayanib daromad topishi uchun sharoit yaratishi bilan ahamiyatlidir. Zero, har bir xonadondagi foydalanilmay yotgan imkoniyatni daromad manbaiga aylantirish oila farovonligi va hudud iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim omildir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri