Qalbaki, sifatsiz preparatlar sotilishi va tarqalishining oldi olinmoqda
Andijon viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi inspektorlari tomonidan qalbaki va sifatsiz kimyoviy preparatlarning savdoga chiqarilishi va tarqalishining oldini olish maqsadida tadbirkorlar o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Ulug‘nor va Xo‘jaobod tumanlarida o‘tkazilgan o‘rganish-nazorat tadbirlarida bozorlar, savdo do‘konlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda foydalaniladigan preparatlarning sifati va boshqa talab etiladigan parametrlari nazoratdan o‘tkazildi.
– Yuqoridagi farmonda qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan mineral va mikrobiologik o‘g‘itlar sifati, ularning tarkibidagi pestitsid, natrit va boshqa moddalar miqdori bo‘yicha aniq talab va parametrlar belgilangan, – deydi Andijon viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Ulug‘bek Ahmedov. – Nazorat jarayonida ana shu mahsulotlarining belgilangan talablarga mosligi o‘rganildi.


O‘rganish davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi. Shuningdek, ana shunday mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga preparatlarning sifati e’tibor qaratish, qalbaki mahsulotlar tarqalishi va sotilishining oldini olish bo‘yicha zarur tushuntirishlar berildi.
Qalbaki va sifatsiz preparatlardan foydalanish hosildorlikning pasayishi, ekinlar va ekin maydonlariga zarar yetishiga, provardida fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy zarar ko‘rishiga olib kelishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.

Bu kabi o‘rganish-nazorat tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.