Qalb bitiklari — hayotning aytilmagan haqiqatlari
Ijod — inson qalbining so‘zdagi ifodasi. Kitob esa ana shu qalb bitiklarini avloddan avlodga yetkazuvchi ma’naviy ko‘prikdir.
Joriy yilning 14-avgust kuni Xatirchi tuman Axborot-kutubxona markazida Xatirchilik ijodkor Mastura Abduraim bilan «Qalb bitiklari — hayotning aytilmagan haqiqatlari» mavzusida ijodiy uchrashuv hamda adibaning «Telba falsafalar» va «Istisno» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Xatirchi tuman Axborot-kutubxona markazi, uning Axborot-bibliografiya xizmati, tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda Madaniyat markazi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirni tuman hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Madamin Najmiddinov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy adabiyotimizni targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xususida so‘z yuritdi.

Ijodiy uchrashuvda tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari Ma’rufjon Mahmudov, oliy toifali pedagog Saodat Islomova, Navoiy viloyati «Do‘stlik bayrog‘i» va «Znamya drujbi» gazetalari tahririyati bosh muharriri Boboqand Mirzo, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xudoyberdi Navro‘z, Navoiy shahar 3-sonli oilaviy poliklinika bosh vrachi Nilufar Ergasheva so‘zga chiqib, Mastura Abduraimning ijodiy faoliyati, uning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar va adabiy jarayondagi o‘ziga xos uslubi haqida samimiy fikr-mulohazalar bildirdilar.

Tadbirning asosiy qismi ijodkorning «Telba falsafalar» «Farishta qanotlari ostida» va «Istisno» kitoblari taqdimotiga bag‘ishlandi. Ushbu asarlarda inson qalbining murakkab kechinmalari, hayotning turfa sinovlari, ruhiy izlanishlar, insoniy munosabatlar, hayot haqiqati va taqdirning turli burilishlari o‘ziga xos badiiy talqinda aks etgani ta’kidlandi.
Ijodkor bilan kechgan samimiy muloqot davomida uning hayoti va ijodiy faoliyati, asarlarining yaratilish tarixi, kitoblarida ilgari surilgan g‘oyaviy-badiiy jihatlar xususida fikr almashildi.
Ijodiy uchrashuvning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, unda adabiyot va san’at uyg‘unligi namoyon bo‘ldi. Tadbirning badiiy qismida Madaniyat markazi xodimlari tomonidan Vatan madhiga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Jajji qizaloqlarning nafis raqslari esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, ishtirokchilarga unutilmas taassurot ulashdi.
Tadbirni Xatirchi tuman Madaniyat markazi direktori Nasrullo Arabov mazmunli va qiziqarli tarzda olib bordi.
Samimiy suhbatlar, ijodiy muloqot, kitob taqdimoti va musiqiy chiqishlarga boy tarzda o‘tgan uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, mahalliy ijodkorning kitoblari keng jamoatchilikka tanishtirilgani, uning ijodiy izlanishlari haqida fikr almashilgani hamda kitobxonlar bilan bevosita muloqot tashkil etilgani tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi.
Bugungi kunda bunday ijodiy uchrashuvlar nafaqat adib va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, balki yosh avlod qalbida kitobga mehr, adabiyotga hurmat va mutolaaga qiziqishni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, kitobxonlik — ma’naviy kamolot, ijod esa inson tafakkurini boyituvchi bebaho kuchdir.
Mastura Abduraim bilan o‘tkazilgan mazkur ijodiy uchrashuv ham Xatirchida adabiy muhitni yanada rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarning asarlarini keng targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va yoshlarni badiiy adabiyotga jalb etish yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Shodiya Ruziyeva,
Xatirchi tumani Axborot-kutubxona markazi Axborot-bibliografiya xizmati rahbari.