Qadimiy shaharning xalqaro e’tirofi
Buxoro — nafaqat tarixni asrab kelayotgan, balki o‘tmish va bugunni o‘zida uyg‘unlashtirgan shahardir. Asrlar davomida bu zaminda ilm-fan, me’morchilik, adabiyot, musiqa, hunarmandchilik va savdo rivojlangan bo‘lib, Buxoro Sharq sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biriga aylangan edi. Bugungi kunda ushbu ulkan ma’naviy-madaniy meros zamonaviy iqtisodiyot, turizm va xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unlashib, taraqqiyotning yangi bosqichini namoyish etmoqda
Buxoroning 2027-yilda YUNESKOning «Ijodiy shaharlar tarmog‘i» xalqaro anjumaniga mezbon sifatida tanlangani bejiz emas. Bu — shaharning tarixiy-madaniy salohiyati, ko‘p asrlik hunarmandchilik an’analari, o‘ziga xos ijodiy muhiti hamda global madaniy aloqalardagi muhim o‘rniga berilgan yuksak bahodir. E’tiborlisi, mamlakatimizda madaniy merosni asrash bilan birga, uni zamonaviy taraqqiyot manbaiga aylantirish hamda hududlarning sayyohlik va ijodiy salohiyatini namoyish etishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirish, milliy hunarmandchilik va kreativ sanoatni qo‘llab-quvvatlash hamda tarixiy shaharlarimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlar Buxoroning bugungi yuksak maqomida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
2027-yilda Buxoroda o‘tkazilashi rejalatirilayotgan xalqaro anjumanda 110 ga yaqin mamlakatdagi 408 ta ijodiy shahar vakillari ishtirok etadi. Ushbu raqamlarning o‘zi tadbirning nechog‘lik yuksak ko‘lamga ega ekanidan dalolat beradi. Dunyoning turli go‘shalaridan tashrif buyuradigan mehmonlar bir maydonda jam bo‘lib, ijodiyot, madaniyat, dizayn, hunarmandchilik, adabiyot, musiqa va media sohalarini shaharlarni barqaror rivojlantirish bilan bog‘lash masalalarini muhokama qiladilar. Buxoro bir necha kun davomida mehmonlarni qabul qilibgina qolmay, ilg‘or g‘oyalar, tajriba va tashabbuslar almashinuvi markaziga aylanadi. Xorijiy delegatsiyalar shaharning tarixiy yodgorliklari bilan tanishish barobarida, uning boy madaniy muhiti, milliy hunarmandchiligi, «ustoz-shogird» an’analari va zamonaviy ijodkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Buxoroning ijodiy salohiyati faqat tarixiy yodgorliklar bilangina cheklanmaydi. Shaharning eng katta boyligi — bu uning boy madaniy muhitidir. Asrlar davomida misgarlik, zargarlik, kulolchilik, zardo‘zlik, kashtado‘zlik, gilamdo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik turlari «ustoz-shogird» an’analari asosida avloddan-avlodga o‘tib kelyapti. Har bir naqsh, buyum va hunarmandlik ustaxonasi ortida teran tarix, o‘ziga xos maktab va turmush tarzi mujassam. Bugungi kunda ushbu an’analarni zamonaviy dizayn, raqamli texnologiyalar, elektron savdo, xalqaro marketing va kreativ sanoat bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
YUNESKO anjumani ushbu jarayonlarga yangicha sur’at bag‘ishlaydi. Buxoro hunarmandlari va ijodkorlari xalqaro tajriba almashish, jahondagi zamonaviy tendensiyalar bilan tanishish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish, yangi bozorlarga chiqish va o‘z mahsulotlarini global miqyosda targ‘ib qilish imkoniga ega bo‘ladilar.

Buxoroda «Ijodiy shaharlar tarmog‘i» xalqaro anjumanining o‘tkazilishi turizm sohasini rivojlantirish nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi kun sayyohlari faqat tarixiy yodgorliklarni ko‘rish bilangina cheklanmay, shaharning o‘ziga xos jozibasini his qilish, uning madaniyatini anglash, mahalliy aholi bilan muloqotda bo‘lib, yorqin taassurot olishni istaydilar.
Labi Hovuz atrofidagi muhit, qadimiy bozorlar, savdo gumbazlari, madrasa va masjidlar, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy taomlar, an’anaviy san’at va zamonaviy ijodkorlik bir-birini to‘ldirib, yaxlit madaniy muhitni shakllantiradi. Shu bois ushbu anjumanga bir martalik xalqaro tadbir emas, balki shaharning sayyohlik brendini yanada mustahkamlash yo‘lidagi strategik imkoniyat sifatida qarash lozim.
Bugungi Buxoro o‘zining tarixiy merosini kelajak iqtisodiyoti bilan uyg‘unlashtirayotgan maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu yerda qadimiy hunarmandchilik — yangi biznesga, madaniy meros — bebaho turizm resursiga, kreativlik — yangi ish o‘rinlariga, xalqaro muloqot esa manfaatli hamkorlikka aylanmoqda.
Orash Akaboyev, O‘zA