Londonda o‘zbek palovi xalqaro festival mehmonlariga taqdim etildi
Buyuk Britaniya poytaxti Londonda o‘tkazilgan 12-xalqaro “World Halal Food Festival 2026” festivalida o‘zbek milliy oshxonasining mashhur taomlaridan biri — palov keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Yirik gastronomik tadbir doirasida Londondagi “Oshpaz” o‘zbek restorani jamoasi festival ishtirokchilari ko‘z o‘ngida maxsus cho‘yan qozonlarda an’anaviy usulda palov tayyorladi. Bu mehmonlarga nafaqat milliy taomdan tatib ko‘rish, balki uni tayyorlash jarayoni va o‘zbek oshpazlik an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
O‘zbek palovi festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xushbo‘y ziravorlar, guruch, sabzi va go‘shtning o‘ziga xos uyg‘unligi, shuningdek, palovning katta qozonda tayyorlanishi milliy taomga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirdi.
“World Halal Food Festival” halol mahsulotlar, gastronomiya va madaniy xilma-xillikni targ‘ib etishga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi. Bu yilgi festivalda 25 dan ortiq davlatdan 200 dan ziyod halol mahsulot ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan tadbirga 20 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.
Xalqaro festivalda o‘zbek palovining namoyish etilishi milliy gastronomik merosimizni xorij auditoriyasiga tanitish bilan birga, O‘zbekistonning boy madaniy qadriyatlari va sayyohlik salohiyatini targ‘ib etish uchun ham o‘ziga xos maydon bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA