Qabul-2026: Besh kunda 432 mingdan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi
O‘zbekistonda oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni qizg‘in davom etmoqda.
Har yili yuz minglab yoshlar talabalik maqomi uchun intiladi, bu yil ham abituriyentlar faolligi yuqori ekani statistik ma’lumotlarda o‘z aksini topmoqda.
20-iyun kuni soat 18:20 holatiga ko‘ra, davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul uchun jami 432 ming 805 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatda oliy ta’limga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tishning dastlabki kunlaridayoq yuz minglab yoshlarning hujjat topshirishi qabul jarayoniga bo‘lgan yuqori faollikdan dalolat beradi. Bu esa kelgusi o‘quv yili uchun raqobat yanada kuchli bo‘lishini anglatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qabul jarayonlarining to‘liq raqamlashtirilishi abituriyentlarga katta qulaylik yaratmoqda. Endi hujjat topshirish uchun ta’lim muassasalariga borish talab etilmaydi. Barcha jarayonlar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn tarzda amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda abituriyentlar uchun muhim muddatlardan biri yaqinlashmoqda. Onlayn ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi 25-iyunga qadar davom etadi. Shu bois hali hujjat topshirmagan yoshlarga belgilangan muddatni o‘tkazib yubormaslik tavsiya etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA