Markaziy Osiyo sanoat kooperatsiyasi: imkoniyatlar va tarkibiy o‘zgarishlar
2026-yil yanvar-avgust oylarida Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakatida sanoat ishlab chiqarishining ijobiy o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi. Eng yuqori o‘sish Tojikistonda – 13,8 foiz, keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston – 8,8 foiz, O‘zbekiston – 8 foiz va Qozog‘iston – 2,8 foiz qayd etildi.
Mamlakatlar kesimida sanoat rivojlanishining asosiy tendensiyalari
Ushbu davrda Qozog‘istonda sanoat ishlab chiqarishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 foizga o‘sib, ishlab chiqarish hajmi qiymat ifodasida 98,2 mlrd. dollarga yetdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’atlari 2025-yilning yanvar-avgust oylariga (7,6 foiz) hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligiga (3,5 foiz) nisbatan sekinlashdi.
Asosiy cheklovchi omil tog‘-kon sanoati bo‘lib, ushbu tarmoqda ishlab chiqarish 4,3 foizga qisqardi. Neft va gaz qazib olish 8,4 foizga kamaygan bo‘lsa, metall rudalarini qazib olish 1,6 foizga, ko‘mir qazib olish esa 7,7 foizga oshdi. Qazib olish sanoatining jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 46,4 foizligini hisobga olganda, neft-gaz qazib olish hajmining qisqarishi sanoatning umumiy o‘sish sur’atlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Qayta ishlash sanoati 8,4 foizga o‘sib, jami sanoat ishlab chiqarishining 46,9 foizini tashkil etdi. 2025-yilning yanvar-avgust oylariga (6,5% foiz) nisbatan ushbu tarmoqda o‘sish jadallashgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarim yilligiga (9,8 foiz) nisbatan sekinlashish kuzatildi.
Tarmoqlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari yengil sanoatda – 1,7 barobar, farmatsevtikada – 38,9 foiz, tayyor metall buyumlar ishlab chiqarishda – 33,3 foiz, kimyo sanoatida – 27,3 foiz va mashinasozlikda – 21 foiz qayd etildi. Mashinasozlikning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 8,2 foizni tashkil etdi. Elektr energiyasi va gaz ta’minoti hamda havoni konditsiyalash sohasida ishlab chiqarish 12,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, bevosita elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi atigi 1,7 foizga oshdi.
Shu bilan birga, jami sanoat ishlab chiqarishining 19,5 foizi to‘g‘ri keladigan metall ishlab chiqarish 2,7 foizga, neftni qayta ishlash va koks ishlab chiqarish 0,7 foizga, poligrafiya sanoati esa 7,6 foizga qisqardi.
Sanoatga yo‘naltirilgan investitsiyalar 18 foizga oshdi. Ushbu sohaga jami investitsiyalarning 40,6 foizi to‘g‘ri keldi. Faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari soni 8 foizga ko‘paydi.
Umuman, 2026-yilning yanvar-avgust oylarida Qozog‘iston sanoatida o‘sish sur’atlarining sekinlashishi asosan qazib olish sanoatidagi pasayish bilan bog‘liq bo‘ldi. Sanoat o‘sishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi esa qayta ishlash tarmoqlari bo‘lib qoldi.
Qirg‘izistonda esa ushbu davrda sanoat ishlab chiqarishining o‘sish sur’ati 8,8 foizgacha sekinlashib, ishlab chiqarish hajmi 6,9 mlrd. dollarni tashkil etdi. O‘sish sur’ati 2025-yilning yanvar-avgust oylari (11,5 foiz) va 2026-yilning birinchi yarim yilligi (12,7 foiz) ko‘rsatkichlaridan past bo‘ldi.
Qayta ishlash sanoati 10,1 foizga o‘sib, uning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 79,2 foizga yetdi (2025-yilning yanvar-avgust oylarida – 77,6 foiz). Shu bilan birga, qazib olish sanoatining o‘sish sur’ati 2025-yilning 8 oyidagi 15,5 foizdan 8,9 foizgacha sekinlashdi. Elektr energiyasi va gaz ta’minoti hamda havoni konditsiyalash sohasida esa 1,2 foizlik pasayish qayd etildi.
Sanoatning eng yirik tarmog‘i hisoblangan metallurgiyada (jami sanoat ishlab chiqarishining 46 foizi) o‘sish 4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, qator tarmoqlarda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi. Jumladan, kimyo sanoatida ishlab chiqarish 2,3 barobarga, neftni qayta ishlash va koks ishlab chiqarishda – 78 foizga, qog‘oz va karton ishlab chiqarishda – 51 foizga, avtomobilsozlikda – 46,4 foizga, poligrafiya mahsulotlari ishlab chiqarishda – 46,1 foizga, mebel ishlab chiqarishda – 30,9 foizga, rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqarishda – 16,4 foizga, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishda esa 15,1 foizga oshdi.
Oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarishning kengayishi alohida amaliy ahamiyatga ega. Ularning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi mos ravishda 9,1 foiz va 8,9 foizga yetdi. Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,6 foizga, qurilish materiallari ishlab chiqarish esa 33,4 foizga o‘sdi. Mazkur tarmoqlar sanoatning metallurgiyaga yuqori darajada bog‘liqligini kamaytirishda kichik ishlab chiqarish tarmoqlariga nisbatan kattaroq imkoniyatlarga ega.
Sanoat o‘sishini cheklagan tarmoqlar qatorida yengil sanoat qayd etildi. Unda ishlab chiqarish hajmi deyarli o‘zgarmay, 0,1 foizga qisqardi. To‘qimachilik sanoatida 2,3 foizlik o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, kiyim-kechak ishlab chiqarish 1,2 foizga, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish 4,4 foizga kamaydi. Shuningdek, elektr uskunalari ishlab chiqarish 10,8 foizga, elektr energetikasida ishlab chiqarish esa 3 foizga qisqardi.
2026-yilning yanvar-avgust oylarida Tojikiston ko‘rib chiqilayotgan mamlakatlar orasida sanoat ishlab chiqarishining eng yuqori o‘sish sur’atini – 13,8 foizni saqlab qoldi. Ishlab chiqarish hajmi qiymat ifodasida 4,9 mlrd. dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’ati 2025-yilning yanvar-avgust oylariga (23,5 foiz) nisbatan sekinlashdi.
Ijobiy dinamikaning asosiy manbai qayta ishlash sanoati bo‘lib, ushbu tarmoqda ishlab chiqarish 23 foizga o‘sdi (2025-yilning yanvar-avgust oylarida – 6,1 foiz). Uning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 46,8 foizdan 51,3 foizga oshdi. Elektr energiyasi va gaz ta’minoti hamda havoni konditsiyalash sohasida ishlab chiqarish 19,3 foizga o‘sdi, energetika tarmog‘ining jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi esa 22,2 foizga yetdi (2025-yilning 8 oyida – 19,4 foiz).
Yirik tarmoqlar orasida eng yuqori o‘sish kimyo sanoatida – 63,4 foiz (jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 1,3 foiz), rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqarishda – 27,2 foiz (1,2 foiz), oziq-ovqat sanoatida – 23,8 foiz (13,9 foiz), qurilish materiallari ishlab chiqarishda – 23 foiz (6,5 foiz) va elektr energetikasida – 19,5 foiz foiz (22,1 foiz) qayd etildi.
Sanoatning yirik tarmoqlaridan biri bo‘lgan metallurgiyada (jami ishlab chiqarishning 18,3 foizi) o‘sish 6,9 foizni tashkil etib, 2025-yilning yanvar-avgust oylariga (7,6 foiz) nisbatan biroz sekinlashdi.
Qazib olish sanoatida salbiy dinamika kuzatilib, ishlab chiqarish 7,1 foizga qisqardi. Bunga, asosan, metall rudalarini qazib olishning 8,1 foizga, neft va gaz qazib olishning 34,9 foizga kamayishi sabab bo‘ldi. Ko‘mir qazib olishning 25,4 foizga va boshqa foydali qazilmalar qazib olishning 19 foizga o‘sishi tarmoqning eng yirik segmentidagi pasayishni qoplay olmadi. Qazib olish sanoatining jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 26 foizni tashkil etdi.
Qayta ishlash sanoatining ayrim tarmoqlarida ham pasayish saqlanib qoldi. Jumladan, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish 22 foizga, neftni qayta ishlash va koks ishlab chiqarish 17,4 foizga, tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish 14,1 foizga, elektr uskunalari ishlab chiqarish 6,7 foizga, to‘qimachilik sanoati esa 0,2 foizga qisqardi.
Sanoatga yo‘naltirilgan investitsiyalar jami investitsiyalarning 48,1 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich birinchi yarim yillikdagi 34,9 foizdan sezilarli darajada yuqori. Shu bilan birga, investitsiyalarning asosiy qismi elektr energetikasi tarmog‘iga to‘g‘ri keldi.
2026-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga o‘sib, birinchi yarim yillikdagi o‘sish sur’atini saqlab qoldi va 2025-yilning yanvar-avgust oylari ko‘rsatkichidan (6,4 foiz) yuqori bo‘ldi. Ishlab chiqarish hajmi qiymat ifodasida 78 mlrd. dollarga yetdi.
Qayta ishlash sanoati o‘tgan yilning mos davridagi 6,9 foizga nisbatan 9,1 foizga o‘sdi, uning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi esa 85 foizdan 87 foizga oshdi. Qayta ishlash sanoatining ulushi bo‘yicha O‘zbekiston ko‘rib chiqilayotgan mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni saqlab qoldi.
Qazib olish sanoatida ishlab chiqarish 2,4 foizga qisqardi, birinchi yarim yillikda esa 2,1 foizlik o‘sish qayd etilgan edi. Elektr energiyasi va gaz ta’minoti hamda havoni konditsiyalash sohasida ishlab chiqarish 11,8 foizga, suv ta’minoti, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sohasida esa 10,2 foizga oshdi. Shunday qilib, sanoatning ijobiy o‘sish sur’atlari, asosan, qayta ishlash sanoati va energetika tarmog‘i hisobiga ta’minlandi.
Qayta ishlash sanoatida eng yuqori o‘sish sur’atlari avtomobilsozlikda – 20,7 foiz (jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 7,1 foiz), boshqa transport vositalari ishlab chiqarishda – 42,5 foiz, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishda – 27,3 foiz, farmatsevtikada – 24,9 foiz, elektr uskunalari ishlab chiqarishda – 17,3 foiz, rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqarishda – 15,7 foiz, to‘qimachilik sanoatida – 14,3 foiz (7,4 foiz), qog‘oz va karton ishlab chiqarishda – 13,5 foiz hamda ichimliklar ishlab chiqarishda – 13,4 foiz qayd etildi.
Sanoatning eng yirik tarmog‘i bo‘lgan metall ishlab chiqarish 7,8 foizga o‘sib, jami sanoat ishlab chiqarishining 26,3 foizini tashkil etdi. Oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarish 8,8 foizga oshdi, uning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 14,9 foizga yetdi.
Shu bilan birga, kiyim-kechak ishlab chiqarish 8 foizga, tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish esa 11 foizga qisqardi. Birinchi yarim yillikka nisbatan yog‘ochni qayta ishlash, mebel, elektronika hamda boshqa mashina va uskunalar ishlab chiqarish tarmoqlarida o‘sish sur’atlari sezilarli darajada sekinlashdi. Shunga qaramay, ushbu tarmoqlarda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish saqlanib qoldi.
Avgust oyi yakuniga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari soni 65,3 mingtaga yetdi, 2025-yilning avgust oyida esa 59 mingtani tashkil etgan. Shu tariqa, sanoat korxonalari soni 10,6 foizga ko‘paydi.
Markaziy Osiyo mintaqasida sanoat rivojlanishining umumiy tendensiyalari
Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakatida sanoat ishlab chiqarishining jami hajmi qiymat ifodasida 188 mlrd. dollarni tashkil etdi (2025-yilning yanvar-avgust oylarida – 137 mlrd. dollar). Ushbu hajmning 52,2 foizi Qozog‘iston, 41,5 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Mazkur ikki mamlakat birgalikda ko‘rib chiqilayotgan sanoat ishlab chiqarishining 93,7 foizini ta’minladi. Qirg‘iziston va Tojikistonning ulushi mos ravishda 3,7 foiz va 2,6 foizni tashkil etdi.
Mintaqa sanoatidagi asosiy umumiy tendensiya qayta ishlash sanoatining yuqori sur’atlarda rivojlanishi bo‘ldi. Xususan, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistonda qazib olish sanoatida ishlab chiqarish qisqargan sharoitda qayta ishlash tarmoqlari sanoatning umumiy ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minladi.
Ishlab chiqarish kengayishining umumiy yo‘nalishlaridan biri avtomobilsozlik bo‘lib, ushbu tarmoqda o‘sish Qozog‘istonda 27,7 foiz, Qirg‘izistonda 46,4 foiz, Tojikistonda 34 foiz va O‘zbekistonda 20,7 foizni tashkil etdi. Shuningdek, to‘rtala mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlari, tayyor metall buyumlar, qog‘oz va karton, mebel hamda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshdi. Bu mintaqada sanoat o‘sishining bir nechta umumiy yo‘nalishlari mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mintaqa sanoati yirik tarmoqlarning cheklangan doirasidagi o‘zgarishlarga sezgirligicha qolmoqda. Jumladan, metall ishlab chiqarishning jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi Qirg‘izistonda 44,1 foiz, O‘zbekistonda 26,3 foiz, Qozog‘istonda 19,5 foiz va Tojikistonda 16,1 foizni tashkil etdi.
Sanoatga yo‘naltirilgan investitsiyalarning jami investitsiyalardagi ulushi mamlakatlar kesimida farq qildi. Ushbu ko‘rsatkich Tojikistonda 48,1 foiz, Qozog‘istonda 40,6 foiz va Qirg‘izistonda 17,7 foizni tashkil etdi.
Umuman, 2026-yilning yanvar-avgust oylari yakunlari Markaziy Osiyoning ko‘rib chiqilayotgan barcha mamlakatlarida sanoat ishlab chiqarishining o‘sishi saqlanib qolganini va qayta ishlash sanoatining roli ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda umumiy o‘sish sur’atlarining birinchi yarim yillikka nisbatan sekinlashishi sanoat o‘sishining barqarorligi mamlakatlar kesimida turlicha ekanligini ko‘rsatadi.
Ijobiy natijalardan biri qazib olish va birlamchi metallurgiyadan tashqari qator ishlab chiqarish tarmoqlarining kengayishi bo‘ldi. Xususan, avtomobilsozlik, oziq-ovqat va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarishda yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi. Shu bilan birga, yengil sanoat, elektronika va energetikaning ayrim yo‘nalishlaridagi pasayish, shuningdek, sanoat ishlab chiqarishining yirik xomashyo tarmoqlarida yuqori darajada jamlanganligi tarkibiy o‘zgarishlarning chuqurlashishini cheklamoqda.
Ijobiy o‘sish sur’atlarini mustahkamlash uchun mintaqa mamlakatlarida mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, mashinasozlik uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish hamda korxonalarning uzoq muddatli moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, ayniqsa, yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotgan va sanoat rivojlanishiga asosiy hissa qo‘shayotgan tarmoqlarda hamkorlikni kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega.
Mohigul Qosimova, O‘zA