Tadbirkorlar bilan muloqot
Jizzax shahrida tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda ishbilarmonlarning murojaatlarini tinglash, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularning amaliy yechimini topishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Respublika ishchi guruhi vakili B. Musurmonov, Jizzax shahar hokimining birinchi o‘rinbosari S. Haydarov, Adliya bo‘limi boshlig‘i I. Rashidov, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqot ishbilarmonlar bilan mas’ullar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlik sub’ektlarini qiynayotgan masalalarni bevosita o‘rganish va ularni hal etish choralarini belgilash uchun muhim maydon bo‘ldi. Zero, tadbirkorlik rivoji uchun qulay muhit yaratish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishning muhim shartlaridandir.

Muloqot davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va murojaatlarini bayon etdi. Har bir masala yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilanib, muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratildi. Bunday yondashuv murojaatlarni shunchaki qayd etish emas, balki ularning yechimi uchun mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda o‘z tashabbuskorligi, samarali faoliyati va hudud iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan ilg‘or tadbirkorlar ham munosib taqdirlandi. Bu esa ishbilarmonlik muhitida faollik va tashabbusni rag‘batlantirish, tadbirkorlarning mehnatini e’tirof etishga bo‘lgan e’tiborning ifodasidir.

Ochiq muloqotning bosh maqsadi tadbirkorning dardini eshitish bilangina cheklanmay, uning yechimiga amaliy ko‘mak berish, yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlarni kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishdan iborat. Chunki har bir muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbusi iqtisodiy faollik, aholi bandligi va hudud farovonligiga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri