Professor-o‘qituvchilar “Zakovat”da bahslashdi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 1-oktabr - O‘qituvchilar va murabbiylar kuni arafasida universitet Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan professor-o‘qituvchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad pedagog xodimlar o‘rtasida bilim va ijodiy tafakkurni kuchaytirish, jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, o‘qituvchilar o‘rtasida mazmunli dam olish va do‘stona muhitni yaratishdan iboratdir. O‘yinda universitetning barcha fakultetlaridan professor-o‘qituvchilar jamoalari faol ishtirok etib, o‘z bilimlarini, tezkor fikrlash qobiliyatlarini va jamoaviy harakatlarini namoyish etdi.

Intellektual o‘yin yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rin Tarix fakulteti, ikkinchi o‘rin Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti, uchinchi o‘rin Yuridik fakulteti jamoalariga nasib etdi. G‘olib jamoalar va faol ishtirokchilar universitet Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan munosib taqdirlandi.

Ushbu intellektual musobaqa o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yanada mustahkamlash, do‘stlik muhitini rivojlantirish va ta’lim jarayoniga ijodiy yondashishga xizmat qiladigan muhim tadbir bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri