Professional kadrlar – sifatli bank xizmati kafolati
Bugungi kunda bank xizmatlarisiz hayotimizni tasavvur etish qiyin. Zero, bank tizimi aholining kundalik moliyaviy ehtiyojlarini qondirishda muhim o‘rin tutadi va moliyaviy jarayonlarni ancha yengillashtiradi. Shu bois bank xizmatlari sifatini muttasil oshirish hamda zamonaviy servislarni joriy etish davr talabiga aylanmoqda.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati ham mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yuksaltirish, shuningdek, xodimlarning kasbiy salohiyati va malakasini muntazam oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Endilikda zamonaviy mobil bank ilovalari orqali kommunal to‘lovlar va xaridlar uchun to‘lovlarni uydan chiqmagan holda bir necha soniya ichida amalga oshirish mumkin. Shuningdek, kreditlardan foydalanib muhim moliyaviy masalalarni hal etish, bo‘sh mablag‘larni omonatlarga joylashtirish orqali inflyatsiya ta’siridan himoyalanish va qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari ham kengaymoqda. Plastik kartalarni rasmiylashtirish, onlayn bank xizmatlaridan foydalanish, pul o‘tkazmalarini yuborish va qabul qilish kabi xizmatlarda ham banklar aholi uchun ishonchli hamkorga aylanib bormoqda. Bu esa xizmat ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Ana shu maqsadda “O‘zmilliybank” tomonidan bank tarmog‘i va servisini rivojlantirish bo‘yicha katta menejerlar uchun o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi bank tarmog‘i faoliyati samaradorligini oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini takomillashtirish hamda xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv mashg‘ulotlarida bankning tarmoq va servisni rivojlantirish bo‘yicha katta menejerlari ishtirok etdi.
Dastur doirasida qatnashchilar mijozlarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy standartlari, bank mahsulotlari va xizmatlarini samarali taklif etish usullari, mijozlar ehtiyojlarini aniqlash va ular bilan uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini shakllantirish bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, bank bo‘linmalarida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Seminar davomida amaliy muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, mijozlar e’tirozlari bilan samarali ishlash, sotuvlar natijadorligini oshirish hamda bankning barcha bo‘linmalarida yagona xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-30679]
Shuningdek, ishtirokchilar amaliy keyslarni tahlil qilib, o‘zaro tajriba almashdi hamda kundalik faoliyatda uchraydigan dolzarb vazifalarning samarali yechimlarini muhokama qildi.
Bunday o‘quv tadbirlarini muntazam tashkil etish xodimlarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, mijozga yo‘naltirilgan korporativ madaniyatni rivojlantirish, yagona xizmat ko‘rsatish standartlarini mustahkamlash hamda bank tarmog‘ini yanada rivojlantirish, servis sifatini oshirish va sotuvlar samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
N.Haydarov (suratlar),
O‘zA muxbirlari