Ilm-fan va zamonaviy agrotexnologiyalar — yuqori hosildorlik garovi
Navbahor tumanida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida paxtachilikda yuqori hosildorlikni ta’minlash, ilmiy yutuqlarni amaliyotga keng tatbiq etish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Navbahor hamda unga tutash tumanlarda faoliyat yuritayotgan fermerlar, agronomlar, tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Davlatimiz rahbari boshchiligida boshqa sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, tarmoqda ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yetishtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda paxtachilik sohasida ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Seminarda “Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 ta qonuni” asosida g‘o‘za parvarishining bugungi bosqichida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mutaxassislar tomonidan sug‘orish va oziqlantirish tizimini samarali tashkil etish, mineral o‘g‘itlardan me’yor asosida foydalanish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi ilmiy asoslangan kurash choralari, g‘o‘zaning rivojlanish bosqichlariga mos parvarish ishlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Seminarda mikroqoplama (mikroplastik) ifloslanishi, antibiotiklarga chidamlilik muammosi hamda kremniy o‘g‘itlaridan foydalanish bo‘yicha mahalliy olimlarning ilmiy ishlanmalari taqdim etildi. Ilmiy yangiliklarning amaliyotga joriy qilinishi tuproq unumdorligini saqlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va sifatli hosil yetishtirishda muhim omil ekani qayd etildi.
Mutaxassislar tomonidan dala ishlarini belgilangan muddatlarda, sifatli va ilmiy yondashuv asosida tashkil etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida bajarish yuqori va sifatli hosilning asosiy garovi ekani alohida ta’kidlandi.

Seminar yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fermerlar va soha vakillarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri