Professional boks: Isroil Madrimov Toshkentda jang o‘tkazadi
Professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov joriy yilning 30-oktabr kuni poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” sport saroyida ozarbayjonlik Seymur Isayev bilan jang o‘tkazadi.
O‘zbekiston professional boks federatsiyasi xabariga ko‘ra, mazkur boks oqshomi doirasida mazkur qarama-qarshilikdan tashqari bir qator o‘zbekistonlik nomdor charm qo‘lqop ustalari ham jang o‘tkazishi borasida keng ko‘lamli muzokaralar olib borilmoqda.
Aytish lozimki, mahoratli bokschimiz Isroil Madrimov 2024-yil mart oyida rossiyalik Magomed Qurbonovni 5-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etib, WBA yo‘nalishining birinchi o‘rta vazn toifasida jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, u faoliyati davomida Terens Krouford va Virgil Ortiz kabi boks yulduzlariga qarshi munosib jang o‘tkazdi.
Joriy yil yanvar oyida katta ringga qaytgan Madrimov AQSHda tashkil etilgan boks oqshomida dominikanlik Luis Devid Salazarni ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Uning raqibi ozarbayjonlik Seymur Isayev chap qo‘l bilan jang qiladi va professional ringdagi nokautlari bilan tanilgan. U UBO yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA